Oʻzbekistonning kichik va oʻrta biznesi qanday moliyalashtirish olishi mumkin: YeTTB nigohi
YeTTBning kichik va oʻrta biznesni moliyalashtirish va rivojlantirish boʻyicha boshqaruvchi direktori Matteo Kolanjeli kompaniyalarga investitsiya jalb qilish va tashqi bozorlarga chiqishga nima toʻsqinlik qilayotganini aytdi.

Kolanjeli toʻsiqlar qatorida moliyaviy hisobotlarning yetarlicha shaffof emasligi, xorijiy bozorlar haqidagi bilimlar va biznes aloqalarining yetishmasligini sanab oʻtdi. Kompaniyalarning oʻsishi uchun professional boshqaruv, raqamlashtirish va mehnat unumdorligini oshirish ham zarur.
Oʻtgan yili YeTTBning Markaziy Osiyodagi investitsiyalari qariyb 2 milliard dollarga yetdi. Bank faoliyatining deyarli uchdan bir qismi kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq; bu yil YeTTB investitsiyalar hajmini sezilarli darajada oshirishni kutmoqda.
Bank kompaniyalarga konsalting dasturlari va moliyalashtirish orqali yordam beradi. Xalqaro ekspertlar korxonalarga, jumladan eksportchilarga, xorijiy bozorlar talablari, sifat standartlari, logistika va hamkorlar izlash boʻyicha maslahat beradi. Mos dasturni YeTTBning Toshkentdagi ofisi orqali tanlash mumkin.
Kredit ajratishda bank tijorat tashkilotlari bilan xatarlarni boʻlishadi: kafolatlardan foydalanilganda, u kredit xavfining 50 foizini oʻz zimmasiga oladi. YeTTB kompaniyalarga moliyaviy barqarorligini tasdiqlashda ham yordam beradi. Banklar pul oqimlarini va biznesning kreditni asosiy faoliyatidan olingan daromadlar hisobidan qaytara olish qobiliyatini baholashi uchun sifatli hisobot zarur.






