Oʻzbekiston va Rossiya qoʻshma savdo uylarini tashkil etadi
Tomonlar, shuningdek, Fargʻona va Primorye oʻlkasi oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri havo qatnovini yoʻlga qoʻyishni rejalashtirmoqda
Primorye oʻlkasi delegatsiyasi 18-oktabr kuni Fargʻona va Toshkentga tashrif buyurdi. Uchrashuvlarda Fargʻona viloyatidan Rossiya bozoriga yetkazib beriladigan mahsulotlar taʼminotini kengaytirish, shuningdek, Primorye oʻlkasida savdo infratuzilmasini va koʻrgazma zali hamda milliy mahsulotlar yarmarkalariga ega oʻzbek savdo uyini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Oʻzbekiston va Primorye oʻlkasi vakillari Vladivostokda biznes-forum oʻtkazish, oʻzaro biznes-missiyalar tashkil etish hamda oʻzbek tadbirkorlari ishtirokida elektrotexnika mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish masalalarini koʻrib chiqishdi. Shuningdek, tomonlar Primorye dengiz mahsulotlari, biologik faol qoʻshimchalar, moylar, maishiy kimyo vositalari va boshqa tovarlarni Uzum Market orqali sotish imkoniyatlarini ishlab chiqishga kelishib oldi.
«Hemiks grupp» kompaniyasi rahbari Fargʻona viloyatida beton konstruksiyalar ishlab chiqaruvchi korxonalarga tashrif buyurdi. Tashrif yakunlariga koʻra, tomonlar oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga kelishib oldi.


