UBS yaqin oylar ichida oltin narxi unsiyasi 4000 dollargacha tushishini kutmoqda
Bank tahlilchilari pasayishni AQShda real daromadlilikning oshishi va dollarning mustahkamlanishi bilan izohlamoqda, biroq talab narxni 4000 dollar darajasida qoʻllab-quvvatlashini prognoz qilmoqda.

UBS Global Wealth Management yaqin istiqbolda oltin narxi unsiyasi 4000 dollargacha pasayishini prognoz qilmoqda. Bunga AQSh obligatsiyalari boʻyicha real daromadlilikning oshishi va dollarning mustahkamlanishi sabab boʻladi. Juma kuni spot bozorda oltinning narxi unsiyasi 4191 dollarni tashkil etdi.
Bank strategi Jovanni Staunovoning taʼkidlashicha, yuqori real foiz stavkalari va kuchli dollar daromad keltirmaydigan oltinni saqlashning muqobil xarajatlarini oshiradi. Uning soʻzlariga koʻra, narxlarning pasayishi fyuchers va opsionlar bozoridagi notijorat ishtirokchilarning sof uzun pozitsiyalari qisqargani bilan bogʻliq.
Shu bilan birga, markaziy banklarning oltinga boʻlgan talabi va ETFʼlarga investitsiyalar barqarorligicha qolmoqda. Sentabr oyida Xitoy 23 tonna, Oʻzbekiston esa 7 tonna oltin sotib oldi. UBS markaziy banklarning yillik xaridlari boʻyicha 750–1000 tonna darajasidagi prognozini saqlab qolmoqda.
Bank uzoq muddatli istiqbolda dollarning zaiflashuvi va Xitoyda xaridlarning davom etishi narxlarni qoʻllab-quvvatlashini kutmoqda. Hindistonda esa festivallar mavsumi va narxlarning ehtimoliy pasayishi tufayli talab oshishi mumkin. Bozorning keyingi yoʻnalishini belgilovchi asosiy omil chorshanba kuni eʼlon qilinadigan AQSh inflyatsiyasi haqidagi hisobot boʻladi.
