Airbus 2045-yilga borib jahon havo tashuvlari bozori ikki baravar oʻsishini prognoz qildi
Yevropalik samolyot ishlab chiqaruvchi bozor hajmi 420 mlrd dollargacha oʻsishi va sohada 2,44 mln ish oʻrni yaratilishini kutmoqda.

2045-yilga borib jahon aviatsiya xizmatlari bozori joriy yilga nisbatan ikki baravar oʻsib, 420 mlrd dollarga yetadi. Bu haqda Airbus prognozida aytilgan.
Kelgusi 20 yil davomida bozorning oʻrtacha yillik oʻsishi 3,7 foizni tashkil etadi. Natijada 2,44 mln ish oʻrni yaratiladi: uchuvchilar uchun 660 mingta, bort kuzatuvchilari uchun 1,05 mln ta va mexaniklar uchun 730 mingta.
Eng katta oʻsish raqamli texnologiyalar va aloqa segmentida kutilmoqda — 2045-yilga borib segment hajmi 27 mlrd dollarga yetadi (yiliga +5,3 foiz). Samolyotlarga texnik xizmat koʻrsatishga boʻlgan talab 217 mlrd dollarga, rejalashtirilgan texnik xizmat koʻrsatish esa 36 mlrd dollarga yetadi.
2045-yilga borib jahon aviaparki ikki baravar koʻpayadi va 45 550 ta samolyotdan oshadi.


