Germaniyaning Rhenus kompaniyasi Oʻzbekistondagi yuk terminallarini rivojlantirishga qiziqish bildirdi
Transport vaziri Ilhom Mahkamov Rhenus SE & Co vakili bilan logistika infratuzilmasini rivojlantirish va yuklarni yetkazib berishni tezlashtirish masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuv Rhenus direktorlar kengashi aʼzosi Andreas Shtekli ishtirokida oʻtkazildi. Tomonlar logistika infratuzilmasini rivojlantirish, yuklarni yetkazib berishni tezlashtirish va transport-logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, jumladan, Andijondagi yuk terminalini rekonstruksiya qilish istiqbollarini koʻrib chiqdi.
Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston temir yoʻli qurilishi loyihasiga alohida eʼtibor qaratildi. Mahkamov Andijonda logistika infratuzilmasini rivojlantirish yangi transport koridorining jozibadorligini va mamlakatning tranzit salohiyatini oshirishini taʼkidladi.
Shtekli Toshkent viloyati, Samarqand va Termizdagi yuk terminallarini rivojlantirishda ishtirok etishga qiziqish bildirdi, shuningdek, Oʻzbekistonning mintaqaviy transport-logistika xabi sifatidagi istiqbollarini baholadi.


