Othello startapi real vaqt rejimida savdolar uchun sunʼiy intellektga $8 mln jalb qildi
Platforma videomuloqotlarni tahlil qilib, menejerlarga qanday savollar berish, qanday javob qaytarish va qoʻldan boy berilgan imkoniyatlarga eʼtibor qaratish boʻyicha tavsiyalar beradi, deb xabar qildi CMO Insider.

Othello startapi venchur kompaniyasi Andreessen Horowitzʼning a16z Speedrun akseleratori va Owl Capital jamgʻarmasi boshchiligidagi urugʻlik moliyalashtirish raundida $8 mln jalb qildi. Olingan mablagʻ jamoani 20 nafardan 80 nafargacha kengaytirishga yoʻnaltiriladi.
Platformada kompaniya maʼlumotlariga koʻra, savdo muzokaralarining 20 mln soatlik yozuvlari asosida oʻqitilgan sunʼiy intellektdan foydalaniladi. Videomuloqotlar vaqtida tizim menejerlar ekraniga tavsiyalar chiqaradi: mijozga qanday savollar berish, eʼtirozlarga qanday javob qaytarish va nimalarga eʼtibor qaratish kerakligini koʻrsatadi. Othello Google Workspace, Salesforce, Slack va ServiceNow bilan integratsiyalashadi. Ishlab chiquvchilarning taʼkidlashicha, mijozlar maʼlumotlari boshqa kompaniyalar foydalana oladigan modellarni oʻqitish uchun ishlatilmaydi.
Startap oʻz mijozlari qatorida Microsoft va Capital Oneʼni sanaydi. Othello maʼlumotlariga koʻra, platformadan kamida chorak davomida 20 nafardan ortiq xodimi foydalangan kompaniyalarda muvaffaqiyatli bitimlar ulushi 15 foizga oshgan. Bundan tashqari, yangi savdo menejerlari rejalashtirilgan koʻrsatkichlarga 45 foiz tezroq erisha boshlagan.
Othello hammuassisi Jared Zelman platformaning afzalliklaridan biri tezkorlik ekanini aytdi: sunʼiy intellekt tavsiyalarni millisoniyalarda beradi. Kelgusida kompaniya xodimlar koʻnikmalarini shaxsiylashtirilgan tarzda tahlil qilish hamda yuzma-yuz uchrashuvlar vaqtida maslahat berish uchun aqlli koʻzoynaklarni qoʻllab-quvvatlash funksiyasini joriy etmoqchi.

