Google Pay Oʻzbekistonda ishlay boshladi
Bu haqda Samarqandda C5+1 tadbirlari doirasida tashkil etilgan «Raqamli texnologiyalar» panel sessiyasida maʼlum qilindi.
Toʻlov xizmati ishga tushirilgani haqida 19 oktabr kuni Google Cloud kompaniyasining Markaziy va Sharqiy Yevropada davlat organlari bilan aloqalar hamda davlat siyosati masalalari boʻyicha direktori Martsin Krasuski maʼlum qildi. Bayonot Samarqandda C5+1 tadbirlari doirasida oʻtkazilgan raqamli texnologiyalar boʻyicha panel sessiyasida yangradi.
Avvalroq, iyul oyi oxirida Markaziy bank Toʻlov tizimlarini rivojlantirish departamenti direktori Jamshid Usmonov Google Pay va Apple Pay yaqin oylar ichida ishga tushirilishi mumkinligini aytgandi. Uning soʻzlariga koʻra, shaxsiy maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonunchilikka tuzatishlar kiritilgach, regulyator tijorat banklari hamda Humo va Uzcard toʻlov tizimlari bilan birgalikda texnologik kompaniyalar bilan muzokaralar olib borish va xizmatlarni texnik jihatdan tayyorlashga kirishgan.
Bu ishlarning bosqichlaridan biri bank kartalarini raqamli hamyonlarda xavfsiz ishlatish uchun zarur boʻlgan tokenizatsiya jarayoni boʻldi. Kutilishicha, integratsiya nafaqat Visa va Mastercard kartalarini, balki milliy Humo va Uzcard kartalarini ham ulash imkonini beradi.
