Venchur investori maʼlumotlar markazlarining ahamiyatini XIX asrdagi temiryoʻllar bilan taqqosladi
Notable Capital kompaniyasining boshqaruvchi hamkori Hans Tungning fikricha, sunʼiy intellekt davrida geosiyosiy yetakchilik nafaqat texnologiyalarga, balki ularni keng miqyosda qoʻllash uchun zarur infratuzilmaga ham bogʻliq, deb yozadi Fortune.

Airbnb, Coinbase va Anthropic kompaniyalarini dastlabki bosqichlarda qoʻllab-quvvatlagan investorlardan biri Tung sunʼiy intellekt rivojini XIX asrdagi sanoat inqilobi bilan taqqosladi. Uning soʻzlariga koʻra, Buyuk Britaniya bugʻ dvigatellari hamda poʻlat kemalar qurish texnologiyalarini joriy etish orqali jahon hukmronligini mustahkamladi va bir asrdan koʻproq vaqt davomida ustunlikni taʼminladi.
Tung zamonaviy maʼlumotlar markazlarini AQSh tarixida muhim rol oʻynagan temiryoʻllar bilan ham qiyosladi. Investorning fikricha, hatto eng mukammal sunʼiy intellekt modellari ham yetarli hisoblash quvvatlarisiz raqobat ustunligini taʼminlay olmaydi.
U Fortune nashriga bergan intervyusida amaldagi maʼlumotlar markazlari quvvati boʻyicha AQSh Xitoydan oldinda ekaniga eʼtibor qaratdi: kamida 47 GVt, Xitoyda esa taxminan 24 GVt. Materialda keltirilgan hisob-kitoblarga koʻra, AQShda sunʼiy intellekt infratuzilmasini rivojlantirish xarajatlari 2032 yilgacha har yili oʻrtacha YaIMning 3,6 foizini tashkil etishi mumkin.
Tung texnologik yetakchilik nafaqat istiqbolli ishlanmalar va malakali mutaxassislarga, balki sunʼiy intellektni keng miqyosda joriy etish uchun infratuzilma yaratish qobiliyatiga ham bogʻliqligini taʼkidladi.

