Buyuk Britaniya Xitoy avtomobillariga boj joriy etmaydi — Reynolds
Buyuk Britaniya Xitoy avtomobillariga boj joriy etmaydi, chunki bunday choralar eksportga bogʻliq boʻlgan Britaniya avtomobil sanoatiga zarar yetkazishi mumkin. Bu haqda biznes masalalari vaziri Jonatan Reynolds maʼlum qildi.

Yevropa Ittifoqi 2024 yilda Xitoy elektromobillariga 45 foizgacha boj joriy qildi, shuningdek, yiliga 350 mingta gibrid avtomobil uchun kvota belgiladi. Shu fonda Reynolds Buyuk Britaniya Xitoy ishlab chiqaruvchilarining Yevropa bozoriga kirishida «qora yoʻl»ga aylanishi mumkinligi haqidagi taxminni rad etdi: mamlakatda Xitoyning yirik avtomobil zavodlari yoʻq.
Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi sammiti 20 noyabr kuni Bryusselda boʻlib oʻtadi, deb Buyuk Manchester meri Endi Byornem tasdiqladi. Savdo cheklovlari uchrashuvning rasmiy kun tartibiga kiritilmagan, biroq britaniyalik rasmiylar Yevropa qonunchiligi ishlab chiqilayotganda mamlakat manfaatlari hisobga olinishiga erishmoqchi. Reynoldsning aytishicha, Buyuk Britaniyaning «Yevropada ishlab chiqarilgan» qoidalaridan chiqarib tashlanishi oʻzaro chambarchas integratsiyalashgan taʼminot zanjirlari sabab Yevropa Ittifoqining oʻziga zarar yetkazadi.
Avvalroq Reynolds Xitoy tomonidan javob choralari koʻrilishidan xavotirlanib, boj joriy etishga qarshi chiqqan edi. Bunday choralar Britaniya kompaniyalariga, jumladan, Jaguar Land Roverʼga ham taʼsir qilishi mumkin edi.
Vazir, shuningdek, uning ishtirokida tuzilgan Hindiston bilan savdo kelishuvi shotland viskisiga bojlarning 150 foizdan 75 foizgacha pasayishiga allaqachon olib kelganini taʼkidladi. Tomonlar xizmatlar sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalasini muhokama qilishda davom etmoqda.


