Investorlar sunʼiy intellektdan yuz oʻgirmoqda: yetakchilik sogʻliqni saqlash va moliya sohalariga oʻtmoqda
Investorlar texnologiya aksiyalaridan chiqib ketayotgan bir paytda, material tarixiy maksimumlar yaqinida turgan va Uoll-strit maʼqul koʻrayotgan beshta qimmatli qogʻozni ajratib koʻrsatadi.

Noyabr oyida Philadelphia Semiconductor Index eng koʻpi bilan 11 foizga pasaydi, Nasdaq Composite rekord darajadagi yopilishdan kamida 10 foiz tushganidan soʻng korreksiya bosqichiga kirdi, VIX volatillik indeksi esa bir kun ichida 65 foizdan koʻproqqa oshdi. Noyabrdagi savdo kunlaridan birining oʻrtalariga kelib, asosiy texnologiya sektori fondi 2,4 foiz yoʻqotdi. Mablagʻlar isteʼmolchi, moliyaviy va defensiv kompaniyalarga yoʻnaltirildi.
Yetakchilarning almashinuvi oktabr oyidayoq boshlandi. Oyning oʻrtalarida sogʻliqni saqlash sektori S&P 500 tarkibidagi 11 sektor orasida oʻsish boʻyicha yetakchiga aylandi va rekord darajaga chiqdi. Moliya sektori 1 foiz, koʻchmas mulk sektori 1,7 foiz, kommunal xizmatlar sektori 1,2 foizga oʻsdi, texnologiyalar esa 0,3 foizga pasaydi. S&P 500 qiymat indeksi 0,9 foizga oshgan bir paytda, oʻsish indeksi 0,2 foiz yoʻqotdi.
Plante Moran Financial Advisors investitsiyalar boʻyicha direktori Jim Baird boshqa sektorlarga qiziqish ortganini investorlarning sunʼiy intellektga kiritilgan mablagʻlardan olinadigan daromad borasidagi shubhalari bilan izohladi. Wells Fargo Investment Institute strategisti Samir Samana bozor ishtirokchilarining bir qismi tez oʻsayotgan kompaniyalardan barqaror pul oqimiga ega bizneslarga oʻtayotganini, shu bilan birga, sunʼiy intellekt bilan bogʻliq koʻplab aksiyalar hamon qimmat ekanini taʼkidladi. FHN Financial makrostrategi Will Compernolle mablagʻlar chip ishlab chiqaruvchilar aksiyalaridan Gʻaznachilik obligatsiyalari va sunʼiy intellekt uchun maʼlumotlarni qayta ishlash markazlariga eng koʻp mablagʻ sarflayotgan kompaniyalarga oʻtkazilayotganini maʼlum qildi.
Nomura strategisti Charlie McElligottning baholashicha, sotuvlar fundamental koʻrsatkichlarning yomonlashgani bilan emas, balki xedj-fondlarning 2026 yil uchun foydani qayd etishi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.






