AQSh saylovlaridan soʻng Ilon Mask boyligi $113 mlrdga kamaydi
AQShdagi oraliq saylovlardan soʻng Tesla va SpaceX qiymati ikki kunda qariyb $456 mlrdga, Ilon Mask boyligi esa $113 mlrdga kamaydi.

Bloomberg Billionaires Index maʼlumotlariga koʻra, Maskning yoʻqotishlari oraliq saylovlarda demokratlar gʻalaba qozonganidan soʻng tezlashdi: Tesla va SpaceX aksiyalari pasaydi, holbuki ovoz berishdan keyingi birinchi kuni umuman bozor oʻsgan edi. Payshanba kungi savdolar yopilganda, ikki kompaniyaning jami qiymati ikki kun avvalgi qariyb $3,5 trlnga nisbatan taxminan $3,04 trlnni tashkil etdi.
Investorlar yangi Kongress Mask va uning kompaniyalari ustidan nazoratni kuchaytirishidan xavotirda. Demokratlar uning DOGEdagi faoliyati, ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi va SpaceXning federal shartnomalarini oʻrganmoqchi. Vakillar palatasining Nazorat qoʻmitasi raisi Robert Garcia korporativ korrupsiyani ham tekshirishga vaʼda berdi.
CFRA Research tahlilchisi Kit Snayder aksiyalar narxining tushishini saylovlarga boʻlgan hissiy munosabat deb hisoblaydi va demokratlarning imkoniyatlari cheklanganini aytadi: prezident Donald Tramp veto huquqini saqlab qoladi, Federal aloqa komissiyasida esa respublikachilar koʻpchilikni tashkil etadi. Uning bahosicha, demokratlar Tesla va SpaceXning ehtimoliy birlashuvini sezilarli darajada sekinlashtirishi mumkin, ammo uni albatta toʻsib qoʻya olmaydi.
Wedbush tahlilchisi Den Ayvs esa Texasdagi siyosiy vaziyat oʻzgargach, birlashuv yanada murakkabroq kelishuv jarayoniga duch keladi, deb hisoblaydi. Investorlarning sunʼiy intellektga kiritilayotgan katta koʻlamdagi sarmoyalar barqarorligidan xavotiri ham bosim omili boʻlib qolmoqda. Mask avvalroq SpaceX 2027 yilgacha 10 GVt hisoblash quvvatini ishga tushira olishini aytgan edi.






