Oʻzbekiston 16 turdagi kritik xomashyo ishlab chiqarishni 2,7 mlrd dollargacha oshiradi
Shavkat Mirziyoyev kritik xomashyo va uran sohasidagi loyihalar bilan tanishdi. 2030-yilgacha uning 16 turi ishlab chiqarishini 2,7 mlrd dollardan oshirish rejalashtirilmoqda.

Taqdimotda Oʻzbekistonda 16 turdagi kritik xomashyo ishlab chiqarishni oshirish rejalari koʻrib chiqildi: 2030-yilgacha bu koʻrsatkich 2,7 mlrd dollardan oshishi kerak. Shuningdek, Oʻzbek texnologik metallar kombinati va «Navoiyuran» korxonasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Kombinat yuqori tozalikdagi selen va tellur ishlab chiqarishni koʻpaytirish, shuningdek, investitsiya loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Prezident yana 11 turdagi mahsulotni oʻzlashtirish hamda geologik qidiruv va qazib olishdan tortib, boyitish, chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan toʻliq siklni yoʻlga qoʻyishni topshirdi.
Ustuvor yoʻnalishlar qatorida volframni chuqur qayta ishlash ham qayd etildi. Tegishli loyihalarga 1,1 mlrd dollar yoʻnaltirish, 2030-yilgacha ishlab chiqarish qiymatini qariyb 2,2 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, noyob va nodir yer elementlari mavjud konlarni oʻzlashtirish hamda kombinatning xomashyo bazasini mustahkamlash rejalari taqdim etildi.
Taqdim etilgan hisob-kitoblarga koʻra, uran qazib olish joriy yildagi 7,5 ming tonnadan 2030-yilgacha 15 ming tonnagacha oshishi kerak. Aniqlangan zaxiralarni 200 ming tonnagacha yetkazish rejalashtirilmoqda. Buning uchun geologik qidiruv va texnologik burgʻilash ishlari kengaytiriladi, infratuzilma modernizatsiya qilinadi, qoʻshimcha sorbsiya qurilmalari oʻrnatiladi va 250 ta ish oʻrni yaratiladi.
Oʻn yillik oxiriga qadar sulfat kislotasi oʻrniga ishlatiladigan reagentlar ulushini 40 foizgacha oshirish moʻljallanmoqda. Masʼullarga investitsiya loyihalarini oʻz vaqtida amalga oshirish, xomashyo bazasini mustahkamlash va yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish topshirildi.






