Uzbekistan Airways va SQB 2027–2028-yillarda IPO oʻtkazishni rejalashtirmoqda
Shuningdek, shu davrda «Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari», «Oʻzbekgidroenergo» va «Oʻzbektelekom» aksiyalarini ham joylashtirish rejalashtirilgan

2027–2028-yillarda Oʻzbekiston Milliy investitsiya jamgʻarmasi portfelidagi toʻrtta yirik kompaniya va bitta bank aksiyalarini IPOga chiqarish rejalashtirilmoqda. Jamgʻarmaning IPOsi 2026-yil 18-may kuni boʻlib oʻtdi. London va Toshkent fond birjalarida jamgʻarma aksiyalarining 35,45 foizi 692 mln dollarga joylashtirildi. Ularga boʻlgan talab taklifdan toʻrt baravar yuqori boʻldi.
Oktabr oyida jamgʻarma investorlar va bozor ishtirokchilari bilan uchrashib, portfel kompaniyalarini rivojlantirish hamda korporativ boshqaruv masalalarini muhokama qildi. Ustuvor yoʻnalishlar sifatida MHXS boʻyicha hisobot yuritish, korporativ kalendarga rioya qilish, KPI koʻrsatkichlarini yangilash, uzoq muddatli moliyaviy modellashtirish, korporativ funksiyalarni mustahkamlash va kompaniyalar qiymatini oshirish belgilandi.






