Oʻzbekistonda dollar doim qimmatlashishi kerak degan qarash oʻzgarmoqda — Markaziy bank
Markaziy bank raisi oʻrinbosari Nodirbek Achilov valyuta bozoridagi oʻzgarishlar kursning aholi va biznes kutilmalariga taʼsirini kamaytirganini aytdi. Sentabrda ular 8,7% va 9,2% boʻlgan.

Oʻzbekistonda 4 noyabr kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi oʻrinbosari Nodirbek Achilov aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari oʻzgargani haqida gapirdi. Uning aytishicha, avval valyuta kursi bunday kutilmalarning qariyb 60 foizini shakllantirgan, biroq 2025 yildan boshlab valyuta taklifi oshgani va kurs ikki tomonlama tebrangani fonida uning taʼsiri kamaygan.
Sentabr oyida keyingi 12 oyda narxlar oshishi boʻyicha kutilmalar aholi orasida 8,7 foizni, tadbirkorlar orasida esa 9,2 foizni tashkil etdi. Markaziy bank alohida soʻrov oʻtkaza boshlagan moliyaviy ekspertlar inflyatsiya 6,3 foiz boʻlishini kutmoqda.
Achilov kutilmalar tarkibi makroiqtisodiy prognozlarni tayyorlash va asosiy stavka boʻyicha qarorlar qabul qilishda hisobga olinishini taʼkidladi. 4 noyabr kuni Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qoldi, biroq inflyatsion kutilmalar yanada pasaysa, siyosatni yumshatish masalasi keyingi yigʻilishlarda muhokama qilinishi mumkin.






