Anthropic IPOga tayyorgarlik doirasida hayot fanlariga katta eʼtibor qaratmoqda
Anthropic kelasi oyga rejalashtirilgan IPO oldidan sunʼiy intellekt ishlab chiqish biznesi bilan bir qatorda hayot fanlari yoʻnalishini ham rivojlantirishni rejalashtirmoqda. Kompaniya S-1 arizasida bu rejalarni tibbiy tadqiqotlarning jadallashuvi va oʻz modellariga talabning ortishi bilan bogʻlagan.

Aprel oyida Anthropic Coefficient Bio biotexnologik startapini sotib olish uchun $400 mlnlik aksiyalaridan foydalandi. Kompaniya, shuningdek, San-Fransisko qoʻltigʻi hududida molekulyar biologiya laboratoriyasi faoliyatini boshladi, iyun oyida Claude Scienceʼning beta-versiyasini chiqardi va sunʼiy intellektga laboratoriya uskunalarini boshqarish imkonini beradigan yangi standartni eʼlon qildi.
Arizada aytilishicha, Claudeʼdan kompaniya mijozlari, biotexnologiya sohasidagi hamkorlari va Anthropicʼning oʻz tadqiqotchilari dori vositalarini izlash va ishlab chiqishda allaqachon foydalanmoqda. Anthropic misol sifatida Lilly farmatsevtika kompaniyasini keltiradi: uning 50 000 xodimiga Claude korporativ akkauntidan foydalanish imkoniyati berilgan, xodimlarning 85 foizidan koʻprogʻi esa ushbu vositadan faol foydalanmoqda.
Anthropic bosh direktori Dario Amodei hayot fanlarini sunʼiy intellekt hayot sifatini eng koʻp yaxshilashi mumkin boʻlgan yoʻnalishlardan biri deb hisoblaydi. Shu bilan birga, sunʼiy intellekt yordamida ishlab chiqilgan dori vositalari hozircha FDA maʼqullovini olmagan.

