Neft xarajatlari: YI oyiga 2025-yildagidan €10 mlrd koʻproq toʻlayapti
2026-yilning ikkinchi choragida Yevropa Ittifoqi mamlakatlari neft importiga oyiga oʻrtacha 27,6 mlrd yevro sarfladi — bu bir yil avvalgidan 9,9 mlrd yevroga koʻp. Shu bilan birga, xarid hajmi atigi 1,2 foizga oshdi, shuning uchun xarajatlarning koʻpayishiga, avvalo, xomashyoning qimmatlashgani sabab boʻlgan.

Ikkinchi chorakda Yevropa Ittifoqining neft importiga sarflagan mablagʻi 82,7 mlrd yevroga yetdi, xarid hajmi esa deyarli oʻzgarmadi. Xomashyoning bir tonnasi narxi 750 yevrogacha koʻtarildi — bu soʻnggi yillardagi eng yuqori koʻrsatkichlardan biridir.
Dandi universiteti professori Syaoi Mu narxlarning oshishini Yaqin Sharqdagi keskinlik fonida neftning Hormuz boʻgʻozi orqali yetkazib berilishidagi uzilishlar bilan izohladi. Uning baholashicha, yuqori jahon talabi ham qoʻshimcha bosim yaratmoqda: Yevropa mamlakatlari neft uchun Osiyodagi, jumladan, Xitoydagi xaridorlar bilan raqobatlashishiga toʻgʻri kelmoqda.
Ekspertlar xarajatlar tez orada kamayishini kutmayapti. Mu transport va sugʻurta xarajatlari import qiymatiga yanada kuchliroq taʼsir koʻrsatishi mumkinligini aytdi. Yevropa xalqaro munosabatlar kengashining katta ilmiy xodimi Shimon Kardash esa mojaroga bogʻliq xarajatlar yaqin oylar davomida saqlanib qolishi va 2027-yilga ham oʻtishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
