Zimbabveda platina avjida — ammo toza suv, yoʻllar va maktablar yoʻq
Konchilik sohasining rekord daromadlari aholigacha yetib bormayapti
Dunyoda platina guruhi metallari (PGM) zaxiralari hajmi boʻyicha Janubiy Afrikadan keyin ikkinchi oʻrinda turadigan Zimbabve investitsiyalar va narxlar boʻyicha jadal oʻsish davrini boshdan kechirmoqda. Biroq konchilik sohasidan tushayotgan rekord valyuta daromadlari mahalliy aholining turmush sifatiga deyarli taʼsir qilmayapti.
Platina boʻyicha Butunjahon investitsiya kengashi (WPIC) maʼlumotlariga koʻra, taʼminot taqchilligi va qimmatbaho metallar bozoridagi ralliy fonida platina narxi bir unsiya uchun $2923 bilan tarixiy maksimumga yetdi. Konchilik sektori Zimbabve eksportining qariyb 75 foizini va mamlakat YaIMining 14,5 foizini shakllantiradi. Mamlakat Konchilik sanoati palatasi maʼlumotlariga koʻra, 2025-yilda sohaning eksport tushumi rekord darajadagi $8,5 mlrdga yetdi (bir yil avvalgi $5,9 mlrdga nisbatan). Bunga asosan oltin va platina qazib olish hajmining oshishi sabab boʻlgan.
Katta daromadlarga qaramay, mamlakatdagi asosiy platina qazib olinadigan Mxondoro-Ngezi hududi («Buyuk Dayka» geologik massivi) aholisi bazaviy infratuzilma chuqur inqirozda ekanini aytmoqda. Zimplats kompaniyasining zamonaviy boyitish fabrikalariga bevosita yaqin hududlarda yashovchilar maktablar, yoʻllar va ichimlik suvi keskin taqchilligiga duch kelmoqda.
Maktablar haddan tashqari gavjum boʻlgani sababli bolalar ochiq osmon ostida oʻqishga majbur. Olis qishloqlardagi oʻquvchilar esa eng yaqin oʻrta maktabgacha har kuni piyoda 15 kilometrdan 25 kilometrgacha yoʻl bosib oʻtadi.
Mahalliy aholi konchilar shaharchalari hududidan kelayotgan oqova suvlar Ngvazani daryosini ifloslantirayotganini aytmoqda. Shu sababli daryo suvi maishiy ehtiyojlar va tomorqalarni sugʻorish uchun yaroqsiz boʻlib qolgan.
Ishchilar oqimi sabab aholining tobora kuchayib borayotgan haddan tashqari zichligi munitsipalitetlarga tushayotgan yukni oshirmoqda. Ishsiz aholi esa chiqindixonalardan plastik yigʻib kun kechirmoqda va oyiga koʻpi bilan $20 daromad topmoqda.
Aholi va munitsipal deputatlar konlardan foydalanuvchi kompaniyalarni faoliyat yuritayotgan hududlar infratuzilmasida sezilarli iz qoldirishga — koʻpriklar, yoʻllar, suv quvurlari va yangi maktab binolarini qurishga chaqirmoqda.
Shurugvi hududida faoliyat yurituvchi Unki Platinum Mine kompaniyasi soʻnggi besh yil davomida jamoalarni ijtimoiy rivojlantirish uchun har yili oʻrtacha $1,5 mln ajratganini, 63 ta quduq qurganini, 32 ta maktabni qoʻllab-quvvatlaganini va munitsipal budjetlarga millionlab miqdorda soliq toʻlovlarini amalga oshirayotganini maʼlum qildi.
Mimosa Platinum Mine kompaniyasi hamda eng yirik operator Zimplats vakillari jurnalistlarning soʻrovlariga izoh berishdan tiyilmoqda.
Mahalliy jamoalar vakillari mamlakat yer osti boyliklari ulkan daromad keltirayotganini, biroq biznesning ijtimoiy masʼuliyati ustidan qatʼiy nazorat boʻlmasa, qazib olish hududlari hech qanday farovonliksiz, nochor ahvolda qolaverishini taʼkidlamoqda.
