Pop Mart Labubuga qiziqish sovigani fonida tushumining yarmini yoʻqotdi
Kompaniyaning xorijdagi tushumi Amerikada 70–75 foizga, Osiyo-Tinch okeani mintaqasida esa 65–70 foizga qisqardi.

Labubu figurkalari bilan tanilgan xitoylik oʻyinchoq ishlab chiqaruvchi Pop Mart kompaniyasining tushumi uchinchi chorakda oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 45–50 foizga kamaydi.
Eng katta pasayish xorijdagi savdolarda qayd etildi: Amerikada 70–75 foiz, Osiyo-Tinch okeani mintaqasida 65–70 foiz, Yevropa va boshqa mamlakatlarda esa 50–55 foiz. Materik Xitoyda pasayish 25–30 foizni tashkil etdi.
Chorshanba kuni savdolar boshida kompaniya aksiyalari 6 foizdan koʻproqqa arzonlashdi, keyin esa yoʻqotishlarining bir qismini qopladi. Yil boshidan beri ular uchdan koʻproqqa arzonlashgan.
Tahlilchilar tushum taxminan 30 foizga kamayishini kutgandi. Jefferiesʼda Pop Mart foydasining 2027–2028-yillardagi prognozi 9–12 foizga pasaytirildi. Tahlilchilar toʻrtinchi chorakda tushum oʻtgan yilgi darajadan 34 foiz pastligicha qolishini kutmoqda.
Natijalar Labubu atrofidagi shov-shuv qancha vaqt davom etishiga shubha uygʻotmoqda. Ayni paytda kompaniya Nyu-York, Milan va Parijda flagman doʻkonlarini ochmoqda, shuningdek, xorijda oʻzining boshqa brendlari — SKULLPANDA, Hirono va Twinkle Twinkleʼni targʻib qilmoqda.



