Slate Autoʻni alohida kompaniya sifatida ajratgan Re:Build 2,1 mlrd dollar oldi
Moliyalashtirish bosqichiga General Catalyst va JPMorganChaseʼning Strategic Investment Group guruhi boshchilik qildi, bitimning boshqa ishtirokchilari oshkor etilmadi.
Re:Build 2,1 mlrd dollar jalb qildi. Kompaniya mablagʻlarni murakkab texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish uchun quvvatlarni kengaytirish va yangi sanoat startaplarini yoʻlga qoʻyishga yoʻnaltiradi.
Massachusetsda joylashgan Re:Build sanoat kompaniyalari bilan hamkorlik qilib, ularga mahsulotlarni ishlab chiqish va ishlab chiqarishda yordam beradi, shuningdek, yetarlicha taʼminlanmagan bozorlarda startaplar tashkil etadi. Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, uning tarmogʻida AQShdagi 2 100 dan ortiq xodim va 223 ming kvadrat metr ishlab chiqarish maydoni mavjud.
Re:Build asoschilari Jeff Wilke va Miles Arnone loyiha uchun qoʻshimcha kapital jalb etish maqsadida Slate Autoʻni tashkil qilgan. Startap xaridorlar talabiga moslashtirish imkoniyatiga ega, arzon pikap ishlab chiqmoqda va hozirgacha kamida 1,4 mlrd dollar jalb qilgan.

