Britaniyadagi Deloitte rahbari daromadi ishdan boʻshatishlar fonida 45 foizga oshdi
Iyun oyida Richard Houston Yevropa, Yaqin Sharq va Afrikani birlashtiruvchi EMEA mintaqasida Deloitte rahbari boʻldi.

Deloitteʼning Britaniyadagi boʻlinmasiga rahbarlik qilgan Richard Houston 2026-yil 31-mayda yakunlangan moliyaviy yil uchun £7,1 mln daromad oldi — bu avvalgi yilga nisbatan 45 foiz koʻp. Bu haqda Financial Times kompaniya hisobotiga tayanib xabar berdi.
Bu summaning asosiy qismi — £5,8 mln — Houstonning firma foydasidagi ulushiga toʻgʻri keldi. Yana £1,3 mlnni u Yevropa biznesining strategik va moliyaviy maqsadlariga erishgani uchun bir martalik bonus sifatida oldi. Natijada Houston Britaniyadagi «katta toʻrtlik» kompaniyalari boʻlinmalari rahbarlari orasida eng yuqori daromad oladigan rahbarga aylandi. Uning daromadi Deloitteʼning Buyuk Britaniyadagi bir xodimining median ish haqidan 93 baravar yuqori boʻldi; bir yil avval bu tafovut 65 baravar edi.
Toʻlovlarning oshishi xodimlar qisqartirilgan davrga toʻgʻri keldi: kompaniya Buyuk Britaniyada qariyb ming kishini ishdan boʻshatdi va yangi hamkor-mulkdorlar uchun ajratiladigan ulushlar sonini 100 tadan 80 tagacha qisqartirdi. Deloitteʼning Buyuk Britaniya va Shveytsariyadagi tushumi 2 foizga oshib, £5,81 mlrdga yetdi, foyda esa 14 foizga koʻpayib, £899 mlnni tashkil etdi.


