Turkiyaning Pegasus Airlines loukoster aviakompaniyasi Oʻzbekistonning uchta shahriga parvozlarni boshlashni rejalashtirmoqda
Chiptalar 99 dollardan sotiladi, yakuniy tarif esa sana, yoʻnalish va boʻsh oʻrinlar mavjudligiga qarab belgilanadi.

Fuqarolik aviatsiyasi agentligi reyestrida 2026-yil 6-oktabrda Pegasus Airlines yoʻlovchi tashish uchun №58-K ekspluatatsiya ruxsatnomasini olgani koʻrsatilgan.
Aviakompaniya eʼloniga koʻra, Buxoroga parvozlar 2026-yil 14-dekabrdan, Andijonga — 18-dekabrdan, Termizga esa 2027-yil 1-martdan rejalashtirilgan.
Taʼkidlanishicha, parvozlar Istanbuldagi Sabiha Gökçen aeroporti orqali amalga oshiriladi. Bu Oʻzbekiston hududlaridan Toshkentdan uchib ketmasdan, Pegasusʼning London, Manchester, Parij va Pragaga yoʻlovchilarni oʻtkazib chiqarish imkoniyatlaridan foydalanish imkonini beradi.
Light tarifiga roʻyxatdan oʻtkaziladigan bagaj va standart qoʻl yuki kirmaydi: yoʻlovchi faqat oʻrindiq ostiga joylashadigan kichik sumkani bepul olib kirishi mumkin. Qoʻshimcha bagaj uchun alohida haq toʻlanadi.



