Seshanba, 3-noyabr 2026-yilOʻzbekistonRUUZEN
MB kurslariUSD11 941.65▼ 81.81EUR13 383.01▼ 78.46RUB147.65▼ 1.79CNY1 796.17▼ 11.16KZT26.36▼ 0.13GBP16 017.34▼ 128.9603.11.2026 holatiga
Startaplar

Omen AI maʼlumotlar markazlarini sovitishni kuzatish uchun sensorlar ishlab chiquvchi kompaniyani 16 mln dollarga sotib oladi

Kompaniya oʻz texnologiyalarini Aquatic Labs ishlanmalari bilan birlashtiradi. Yangi sensor sovitish suyuqligini uskunalar ishlayotgan paytda bevosita tahlil qilishi va laboratoriya tekshiruvlariga qaramlikni kamaytirishi kerak

3-noyabr, 18:36По-русски

Omen AI Aquatic Labs kompaniyasini 16 mln dollarga naqd pul va aksiyalar evaziga sotib olishini eʼlon qildi. Har ikki kompaniya suvni tahlil qiluvchi sensorlar ishlab chiqadi, birlashtirilgan jamoa esa maʼlumotlar markazlarining sovitish tizimlaridagi suyuqliklarni nazorat qilishga eʼtibor qaratadi.

Hozir bunday suyuqliklarni tekshirish uchun namunalarni laboratoriyaga yuborish va natijalarni bir necha kun kutish talab qilinishi mumkin. Omen oʻlchovlarni bevosita ishlayotgan tizimning oʻzida oʻtkazishni taklif qilmoqda. Bu rejalashtirilgan tekshiruvlar oraligʻidagi oʻzgarishlarni payqash imkonini beradi.

Kompaniyalar texnologiyalari bir-birini toʻldiradi. Omen sensorlari suvda mavjud elementlarni aniqlaydi, Aquatic Labs ishlanmalari esa ishqoriylikni oʻlchash imkonini beradi. Jamoa bu imkoniyatlarni bitta qurilmada birlashtirib, uni 2027 yil boshida bozorga chiqarishni rejalashtirmoqda.

Suyuqlik tarkibini nazorat qilish suvni tejash uchungina kerak emas. Uning xususiyatlari oʻzgarishi yoki mikroorganizmlar koʻpayishi sovitish tizimining ishini buzishi va qimmat uskunalar uchun xavf tugʻdirishi mumkin.

Kompaniya vakillarining aytishicha, aniqroq monitoring bir xil suyuqlikdan uzoqroq foydalanish va muammolarni ertaroq aniqlash imkonini beradi. Bu suvni toʻliq almashtirish hamda texnik xizmat koʻrsatish uchun uskunalarni toʻxtatish zaruratini ehtimol kamaytiradi.

Aquatic Labs asoschisi Allan Adams Omen AI kompaniyasida bosh ilmiy xodim boʻladi hamda tadqiqot va ishlab chiqish ishlariga rahbarlik qiladi. Avval u MIT va Vuds-Houl okeanografiya institutida fizika hamda okean oʻlchovlari texnologiyalari bilan shugʻullangan.

Bitim Omen AI kompaniyasining iyun oyida oʻtkazgan 31 mln dollarlik investitsiya raundidan keyin tuzildi. Kompaniya sensorlarni allaqachon qurilgan va qurilayotgan maʼlumotlar markazlariga joriy etishni kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Yana oʻqing