Yevropaning qaysi mamlakatlarida daromadning 40 foizidan koʻpi uy-joyga sarflanadi
2025 yilda Gretsiyada uy-joy xarajatlarining koʻtarib boʻlmas darajasi Yevropadagi eng yuqori koʻrsatkichni qayd etdi: mamlakat aholisining 26,4 foizi uy-joyga oʻz ixtiyoridagi daromadining 40 foizidan koʻprogʻini sarflaydigan xonadonlarda yashagan. Yevropa Ittifoqi boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkich 7,7 foizni tashkil etgan, bunday xarajatlar esa jami Yevropa Ittifoqining 34 mln nafardan ortiq aholisiga taʼsir qilgan.

Eurostat maʼlumotlariga koʻra, 2025 yilda Yevropa Ittifoqi aholisining oʻrtacha 7,7 foizi uy-joyga oʻz ixtiyoridagi daromadining 40 foizidan koʻprogʻini sarflaydigan xonadonlarda yashagan. Bunga ijara haqi yoki ipoteka foizlari, kommunal xizmatlar, sugʻurta, taʼmirlash va soliqlar kiradi. Idora bunday xarajatlar darajasini koʻtarib boʻlmaydigan yuk deb hisoblaydi. Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqida uy-joy narxlari 2015 yildan buyon oʻrtacha 69 foizga oshgan, ayrim mamlakatlarda esa narxlar ikki baravardan koʻproq koʻtarilgan.
Vaziyat eng yomon Gretsiyada: u yerda aholining 26,4 foizi daromadining 40 foizidan koʻprogʻini uy-joyga sarflaydi, yaʼni bu Yevropa Ittifoqidagi oʻrtacha koʻrsatkichdan uch baravar koʻp. Ittifoq mamlakatlari orasida undan keyingi oʻrinlarda Daniya (14,7%), Germaniya (11,2%) va Shvetsiya (10,8%) turadi. Yevropa Ittifoqiga kirmaydigan mamlakatlar ichida yuqori koʻrsatkichlar Shveysariya (15,3%) va Norvegiyada (13,5%) qayd etilgan. Bunday yuk eng kam Kiprda (2,4%), Xorvatiyada (3,2%), Sloveniya va Slovakiyada (3,5 foizdan) kuzatilgan.
Yevropa Ittifoqida jami 34 mln nafardan ortiq kishi uy-joy xarajatlari koʻtarib boʻlmaydigan darajada boʻlgan sharoitda yashaydi. Bunday odamlar eng koʻp Germaniyada — 9,4 mln nafar. Kambagʻallik xavfi ostidagilar orasida bu ulush Yevropa Ittifoqi boʻyicha oʻrtacha 29,1 foizga yetadi, Gretsiyada esa 82,6 foizni tashkil qiladi.
Ekspertlar muammoni uy-joy narxlari, ayniqsa kam daromadli aholida, daromadlardan tezroq oshayotgani bilan bogʻlaydi. TU Delft tadqiqotchisi Marietta Haffner prognoziga koʻra, kelasi yili uy-joy narxlarining oʻsishiga, avvalo, energiya qimmatlashuvi sabab boʻladi.



