Ryanair foydasi 15 foizga kamaydi, aviakompaniya yoqilgʻi xarajatlari oshishini kutmoqda
Ryanair kompaniyasining moliyaviy yilning dastlabki olti oyidagi sof foydasi 15 foizga kamayib, 2,15 mlrd yevroni tashkil etdi. Aviakompaniya 2028 yil martida yakunlanadigan moliyaviy yilda yoqilgʻi xarajatlari qariyb 2 mlrd yevroga oshishi mumkinligini kutmoqda.

2026 yil aprelidan sentyabrigacha Ryanair daromadi 3 foizga oshib, 10,08 mlrd yevroga yetdi, yoʻlovchilar oqimi esa 6 foizga koʻpayib, 125,8 mln kishini tashkil etdi. Shu bilan birga, oʻrtacha tariflar 4 foizga pasaydi, suyultirilgan aksiya boshiga foyda esa 14 foizga kamayib, 2,05 yevroga tushdi.
Hisobot davrida aviakompaniyaning operatsion xarajatlari 10 foizga oshib, 7,69 mlrd yevroga yetdi. Ryanair moliyaviy natijalarga bosim oʻtkazgan omillar sifatida xej qilinmagan aviatsiya yoqilgʻisi narxlarining ikki baravar oshishi va tariflarning pasayishini koʻrsatdi. Kompaniya, shuningdek, Yaqin Sharqdagi mojaro yoʻlovchilarni ehtiyotkorroq qilganini — ular bronlarni kechroq rasmiylashtira boshlaganini — taʼkidlamoqda.
Hisobot yoqilgʻi narxlarining toʻliq oʻsishini aks ettirmaydi. Ryanair 2027 yil martida yakunlanadigan moliyaviy yil uchun zarur yoqilgʻining 80 foizi narxini moliyaviy shartnomalar yordamida oldindan belgilab qoʻygan. Bu qimmatlashuvning foydaga taʼsirini chekladi, biroq qolgan 20 foiz yoqilgʻi narxi ikki baravar oshdi.
Kompaniya joriy forvard narxlardan kelib chiqib, 2028 yil martigacha boʻlgan moliyaviy yilda yoqilgʻi xarajatlari qariyb 2 mlrd yevroga oshishi mumkinligini baholamoqda. “Agar Yaqin Sharqdagi mojaro tezda tartibga solinmasa, aviatsiya yoqilgʻisi narxlari 2027 yilgacha yuqori darajada qolishini kutmoqdamiz”, — dedi Ryanair bosh direktori Maykl OʻLiri.
Uning soʻzlariga koʻra, arzonroq yoqilgʻi xedj shartnomalarining amal qilish muddati 2027 yil yozigacha tugaydi. Shundan keyin Yevropa aviakompaniyalari ancha yuqori hisob-kitoblarga duch keladi. OʻLiri avvalroq 2027 yilda Yevropadagi aviaqatnov tariflari 20 foizgacha oshishi mumkinligini bildirgan edi.
Ryanair tariflarning oshirilishi va raqobatchilarning tashish quvvatlarini qisqartirishi yoqilgʻiga qoʻshimcha xarajatlarni toʻliq qoplay olmaydi, deb hisoblaydi. Xarajatlarni kamaytirish uchun aviakompaniya ish haqlarini vaqtincha muzlatib qoʻyish, ekipaj aʼzolari sonining yoʻlovchilar soniga nisbatini kamaytirish, shuningdek, operatsion faoliyat va qoʻllab-quvvatlash xizmatlarida sunʼiy intellekt texnologiyalaridan kengroq foydalanish variantlarini koʻrib chiqmoqda.
Bundan tashqari, Ryanair 800 mln yevrolik aksiyalarni qayta sotib olish dasturini eʼlon qildi. Dastur 2027 yil fevralida boshlanishi va bozordagi vaziyat qulay boʻlsa, qariyb oʻn oy davom etishi kerak.
Oktyabr–dekabr oylarida parvozlarga talab yuqoriligicha qolmoqda, tariflar esa oʻtgan yilgi darajadan biroz yuqori. Biroq bronlarning kech amalga oshirilishi natijalarni prognoz qilishni qiyinlashtirmoqda. Mojarolar, yoqilgʻi narxlari, iqtisodiyotning holati va Yevropa dispetcherlik xizmatlaridagi uzilishlar bilan bogʻliq noaniqlik sababli aviakompaniya hozircha butun moliyaviy yil uchun foydani baholashga tayyor emas.
Sentabr oyida Ryanair xej qilinmagan yoqilgʻi xarajatlariga qaramlikni kamaytirish uchun qishki parvozlar jadvalini qisqartirishini maʼlum qilgan edi. Yil uchun yoʻlovchilar oqimining maqsadli koʻrsatkichi 216 mln kishidan 214 mln kishigacha pasaytirildi. Dublindagi ertalabki savdolarda kompaniya aksiyalari 2 foizga qimmatlashdi.



