AQSh koʻmagidagi konsorsium Pokistonda $4,4 mlrdlik LNG terminali qurishni taklif qilmoqda
Amerika kompaniyalari guruhi Pokistonda $4,4 mlrdga LNG terminali qurishni taklif qilmoqda. Loyiha mamlakatdagi ilk yoqilgʻi saqlash obyekti boʻlishi mumkin.

AQSh kompaniyalari guruhi qiymati $4,4 mlrd boʻlgan loyihani ilgari surdi. U LNG importi, uni saqlash va qayta gazlashtirish, gaz uzatish hamda yirik isteʼmolchilarga sotishni oʻz ichiga oladi. Konsorsium tarkibiga Global Vision Energy Partners (GVEP), Khanjee Holdings, xalqaro strategik hamkorlar va Lyuksemburgning General Mediterranean Holding kompaniyasi kiradi. Loyihani Tramp maʼmuriyati qoʻllab-quvvatlamoqda.
Tashabbuskorlar maxsus loyiha kompaniyasini tuzdilar. Pokiston OAV xabarlariga koʻra, ular ehtimoliy maydon boʻyicha Port Qasim Authority roziligini oldi va Oil and Gas Regulatory Authorityʼga dastlabki litsenziya olish uchun ariza topshirdi. Loyihani Pokistonning energetika hamda dengiz ishlari vazirliklari ham qoʻllab-quvvatladi.
Taklif Qatardan LNG yetkazib berishdagi uzilishlar va mamlakatning spot bozoridagi xarajatlari oshib borayotgan bir paytda paydo boʻldi. Qishki talabni taʼminlash uchun Pokistonga $1 mlrd dan ortiq mablagʻ kerak boʻladi, chunki qimmatroq spot partiyalari Osiyo va Yevropadagi xaridorlar bilan taʼminot uchun raqobatlashmoqda.



