Oltin bozori 2008-yildan beri eng yomon oktabrni qayd etdi
Oktabr oyida oltin 6,87 foizga arzonlab, unsiyasi $3898,9 gacha tushdi — bu 2008-yildan beri eng katta pasayish boʻldi. Neft narxining oshishi inflyatsiya va AQSh Federal zaxira tizimi stavkalari boʻyicha xavotirlarni kuchaytirdi.

Bloomberg maʼlumotlariga koʻra, oltin narxini yil ichidagi eng past darajaga tushirgan ikki sabab bor. Birinchisi — Brent nefti narxining oshishi. Bu inflyatsiya haqidagi xavotirlarni kuchaytirdi va bozor AQSh Federal zaxira tizimi stavkalari boʻyicha kutishlarini qayta koʻrib chiqdi. Ikkinchisi — texnologiya kompaniyalari aksiyalarining global miqyosda ommaviy sotilishi. Investorlar bozorning boshqa segmentlaridagi yoʻqotishlarni qoplash uchun oltin sotishni boshladi.
Oʻtgan hafta Federal zaxira tizimi yil oxirigacha stavkani oshirishini istisno qilmadi. Oltin uchun bu salbiy signal. Qimmatbaho metall foizli daromad keltirmaydi, shu sababli stavkalar yuqori boʻlgan paytda uni saqlash obligatsiyalar yoki depozitlarga qaraganda kamroq foydali boʻladi.
Oltin fond bozoridagi pozitsiyalarning ommaviy yopilishidan ham zarar koʻrmoqda. Jahon indekslarida eng katta pasayish texnologiya sektori aksiyalarida kuzatildi: investorlar sunʼiy intellekt sohasidagi kompaniyalarning hisobotlaridan norozi boʻlib, mablagʻlarini AQSh gʻaznachilik obligatsiyalariga oʻtkaza boshladi. TD Securities kompaniyasining xomashyo bozorlari boʻyicha global strategiya rahbari Bart Melekning baholashicha, neft narxining oshishi bozorning tavakkalchilikka ishtahasini susaytirib, gʻaznachilik obligatsiyalariga talabni kuchaytirmoqda. Natijada aksiyalar bozoridagi likvidlik kamaymoqda va oltin butun bozor bilan birga pasaymoqda.



