Oʻzbekiston YAIMining 53,8 foizi 9 oyda kichik biznes tomonidan shakllantirildi
Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2026 yil yanvar–sentabr oylarida mamlakat YAIMining 53,8 foizi, yaʼni 904,8 trln soʻm, kichik tadbirkorlik hissasiga toʻgʻri keldi.

1-oktabr holatiga koʻra, Oʻzbekistonda 1 264,5 mingta kichik biznes subyekti faoliyat yuritgan — har ming aholiga oʻrtacha 32,2 ta. Bu koʻrsatkich Toshkent shahrida eng yuqori boʻlgan — 51,9 ta. Subyektlarning umumiy soni boʻyicha ham poytaxt birinchi oʻrinda: 168,7 mingta.
Toʻqqiz oyda 66,3 mingta yangi kichik korxona va mikrofirma ochilgan. Bunda fermer va dehqon xoʻjaliklari hisobga olinmagan. Ularning uchdan biridan koʻprogʻi savdo sohasida tashkil etilgan.
Kichik biznes qator tarmoqlarda ustun mavqeni saqlab qolmoqda: qishloq xoʻjaligida yaratilgan qoʻshilgan qiymatning 93,2 foizi, qurilishda esa 75,4 foizi uning hissasiga toʻgʻri keladi. Sektorning asosiy kapitalga kiritgan mablagʻlari 27,5 foizga oshib, 402,5 trln soʻmga yetdi, chakana tovar aylanmasi esa 21,5 foizga koʻpayib, 355,4 trln soʻmni tashkil etdi. Kichik kompaniyalar eksporti 12,1 mlrd dollarga yetdi, bu mamlakat jami eksportining 47 foiziga teng.



