OpenAI energetika, davlat boshqaruvi va Abu-Dabidagi investitsiyalar boʻyicha kelishuvlar tuzdi
OpenAI Birlashgan Arab Amirliklarida energetika, investitsiyalar va davlat boshqaruvida sunʼiy intellektdan foydalanish boʻyicha kelishuvlar tuzdi. Kompaniya, shuningdek, moliyalashtirishning yangi raundida $20 mlrd jalb etish imkoniyatlarini izlamoqda.

OpenAI Abu-Dabidagi tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirmoqda. 2 noyabr kuni kompaniya davlat xizmatlari, energetika, investitsiyalar, shuningdek, biznes va taʼlimda sunʼiy intellektni joriy etishni qamrab olgan toʻrtta kelishuv tuzdi.
Hujjatlar OpenAI rahbari Sem Altmaning Abu-Dabi valiahd shahzodasi Shayx Xolid bin Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan uchrashuvidan soʻng imzolandi.
Hamkorlardan biri ADNOC neft-gaz kompaniyasi boʻldi. U OpenAI va G42 guruhi bilan birgalikda sunʼiy intellekt agentlarini qazib olish, qayta ishlash, logistika, sotuvlar va savdo jarayonlari bilan bogʻlamoqchi. Maqsad — ishlab chiqarish va tijoriy qarorlarning oqibatlarini oʻzaro bogʻliqlikda hisobga olish.
Birinchi yoʻnalish konlarni oʻzlashtirishni rejalashtirish boʻladi. ADNOC bayonotiga koʻra, tizim minglab quduqlar, qatlamlar va yuzlab yer usti obyektlari haqidagi toʻplangan maʼlumotlarni birlashtiradi. Kompaniya murakkab rejalarni tayyorlash muddatini oylardan soatlargacha qisqartirishni kutmoqda. Yechim GPT modellari va BAA hududidagi hisoblash infratuzilmasidan foydalanadi.
Davlat sektorida Machine-Readable Government tashabbusi ishga tushirildi. Muayyan qoidalar va meʼyoriy talablar mashinada oʻqiladigan formatga oʻtkazilmoqda, bu esa sunʼiy intellektga hujjatlarning belgilangan shartlarga muvofiqligini tekshirishda yordam berish imkonini beradi.
Birinchi pilot loyiha allaqachon Abu-Dabi qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat xavfsizligi boshqarmasi tomonidan qoʻllanmoqda va oziq-ovqat importiga taalluqli. Tizim bergan har bir baholashni aniq bir qoidagacha kuzatish mumkin, yakuniy qarorlar uchun javobgarlik esa davlat xizmatchilarida qoladi.
Yana bir kelishuvni Mubadala investitsiya kompaniyasi, Inception42 va OpenAI tuzdi. Ular investitsiyalarni tahlil qilish, imkoniyatlarni izlash va xatarlarni baholashda sunʼiy intellektdan foydalanishni rejalashtirmoqda.
Toʻrtinchi kelishuv besh yilga moʻljallangan. Unga koʻra, OpenAI va Inception42 BAA tashkilotlariga davlat muassasalari, kompaniyalar va taʼlim sohasida sunʼiy intellektni joriy etishda yordam beradi.



