Hindiston startaplariga oktabr oyida kiritilgan investitsiyalar deyarli ikki baravar kamaydi
2026 yil oktabr oyida Hindiston startaplari 677,8 mln dollar jalb qildi. Bu sentyabr oyidagidan (1,29 mlrd dollar) 47,5 foizga, oʻtgan yil oktabr oyidagidan (1,73 mlrd dollar) esa 60,8 foizga kam.

Bunday maʼlumotlarni Entrackr keltirgan. Pasayishning asosiy sababi — oy davomida qiymati 100 mln dollar yoki undan yuqori boʻlgan birorta ham bitim tuzilmagan.
Jami summasi oshkor qilingan 99 ta investitsiya raundi oʻtkazildi. Kech bosqichdagi kompaniyalar 414,6 mln dollar, dastlabki bosqichdagi startaplar esa qariyb 263 mln dollar oldi. Eng yirik raundlarda yarimoʻtkazgichlar sohasi uchun yechimlar ishlab chiquvchi Tessolve Semiconductor (75 mln dollar) va tibbiyot startapi Even Healthcare (50 mln dollar) mablagʻ jalb qildi. Sohalar boʻyicha elektron tijorat (182,7 mln dollar), sunʼiy intellekt (131,1 mln dollar) va medtexnologiyalar (104,6 mln dollar) yetakchilik qildi. Barcha investitsiyalarning qariyb 62 foizi Bangalordagi startaplarga toʻgʻri keldi.
Shu bilan birga, fond bozori faol boʻldi. Snapdeal operatori AceVector va Zetwerk birjaga chiqdi. 28 oktabr kuni Jio Platforms birjada debyut qildi: uning aksiyalari birinchi kunning oʻzida qariyb 27 foizga oshdi va kompaniya Hindistonda bozor kapitallashuvi boʻyicha ikkinchi oʻringa koʻtarildi.
Yil boshidan buyon Hindiston startaplari qariyb 11 mlrd dollar jalb qildi. Agar noyabr va dekabr oylarida investitsiyalar oyiga qariyb 1 mlrd dollarni tashkil etsa, yillik hajm 13 mlrd dollarga yaqinlashadi. Bu 2020 va 2023 yillardagidan ancha koʻp — har ikkala yilda ham 11,3 mlrd dollardan. Entrackr bahosiga koʻra, investorlar ehtiyotkorroq boʻla boshlagan: endi ular biznesning barqarorligi va foydaga chiqish qobiliyatini sinchiklabroq baholamoqda.


