Oʻzbekistonda sezilgan inflyatsiya 9,2 foizgacha pasaydi — Markaziy bank
Markaziy bank soʻroviga koʻra, Oʻzbekiston aholisi 2026 yil sentyabr yakunlariga koʻra, soʻnggi 12 oyda narxlar 9,2 foizga oshganini baholagan.

Markaziy bank maʼlum qilishicha, aholining sentyabr oyida sezgan inflyatsiyasi 9,2 foizni tashkil etib, avgust oyiga nisbatan biroz pasaygan. Eng yuqori koʻrsatkich Toshkentda qayd etilgan — 11,9 foiz. Narxlar oʻsishini eng koʻp pensionerlar his qilgan.
Soʻrov ishtirokchilari koʻpincha goʻsht va sut mahsulotlari, benzin va yoqilgʻi, elektr energiyasi va tabiiy gaz, transport hamda umumiy ovqatlanish xizmatlari qimmatlashganini qayd etgan. Taqqoslash uchun, Milliy statistika qoʻmitasi sentyabr oyidagi yillik inflyatsiyani 6,4 foiz deb baholagan.
Aholining keyingi 12 oy uchun inflyatsion kutilmalari 8,7 foizni, tadbirkorlarniki esa 9,2 foizni tashkil etgan. Bu koʻrsatkichlar pensionerlar va transport sohasi vakillarida eng yuqori boʻlgan.






