Sobiq maktab oʻqituvchisi Xitoyda skotchdan milliardlab ishlab topdi
Uning kompaniyasi texnologiya gigantlariga yopishqoq lenta va boshqa yopishtiruvchi materiallarni sotadi

Yopishtiruvchi materiallar va himoya plyonkalarini ishlab chiqaruvchi Crown New Materials Technology kompaniyasi aksiyalari Shenzhen fond birjasidagi savdolarning birinchi kunida 787 foizga qimmatlashdi. Kotirovkalarning oʻsishi savdolarning ikki marta toʻxtatilishiga olib keldi.
Kompaniya raisi May Maykl va uning singlisi, bosh direktor May Huysya «qogʻozda» milliarderga aylandi. 62 yoshli May Mayklning boyligi 2,5 milliard dollarga, 64 yoshli May Huysyaning boyligi esa 2 milliard dollarga baholanmoqda.
2000-yilda kompaniyaga asos solishidan oldin May Maykl Xitoy janubidagi Chjunsan shahrida boshlangʻich sinf oʻqituvchisi boʻlib ishlagan. Crown New Materials kompaniyasining bosh qarorgohi ham shu shaharda joylashgan.
Kompaniya BYD, Apple va Tesla uchun yopishtiruvchi materiallar yetkazib beradi, shuningdek, avtomobil, elektronika va yarimoʻtkazgichlar ishlab chiqaruvchilari bilan ham ishlaydi. Crown New Materials kompaniyasining tarmoq prospektida 3M va Nitto Denko jahon bozoridagi raqobatchilar sifatida koʻrsatilgan.
Kompaniya aksiyalarni joylashtirishdan tushgan mablagʻni ishlab chiqarishni kengaytirish va Xitoyda tadqiqot markazi qurishga yoʻnaltirishni rejalashtirmoqda. Seshanba kuni Crown New Materials investorlarni ehtiyotkorlik va oqilonalikni saqlashga chaqirdi. Mutaxassislar yaqinda aksiyalari joylashtirilgan Xitoy kompaniyalariga qiziqishning ortishini mahalliy investorlarning ularning aksiyalarini sotib olishga moyilligi bilan izohlamoqda.






