BAA Hormuz boʻgʻozini chetlab oʻtuvchi uchinchi quvur qurish rejalarini oʻrganmoqda
Bloomberg: ADNOC Hormuz boʻgʻozini chetlab oʻtuvchi uchinchi quvur qurishni koʻrib chiqmoqda. Reja tasdiqlanmagan, kompaniya vakili xabarni noaniq va spekulyativ deb atadi.

BAA davlat energetika kompaniyasi ADNOC mamlakatning gʻarbiy sohilidan sharqiy sohilidagi Fujayragacha neft quvuri yotqizishi mumkin. U neftni tankerlar Hormuz boʻgʻozidan oʻtmasdan Osiyodagi mijozlarga yetkazish uchun moʻljallanadi.
Bloomberg maʼlumotiga koʻra, ADNOC Osiyodagi ayrim xaridorlarga ehtimoliy loyiha haqida allaqachon maʼlumot bergan. Parametrlar hozircha tasdiqlanmagan: yoʻnalish va boshqa shartlar oʻzgarishi mumkin.
Yangi liniya shu turdagi uchinchi yoʻnalish boʻladi. Abu-Dabidagi Habshandan Fujayragacha boʻlgan amaldagi quvur 2012-yildan beri ishlamoqda. U kuniga 1,5 mln barrel neft haydashga moʻljallangan va quvvatini 1,8 mln barrelgacha oshirish imkoniyati bor.
Bu yil avvalroq BAA West-East Pipeline quvurini qurishini eʼlon qilgan edi. U 2027-yilda ishga tushishi va Hormuz boʻgʻozidan tashqarida joylashgan Fujayra orqali eksport quvvatlarini ikki baravar oshirishi kutilmoqda.
ADNOC vakili Bloombergʻga uchinchi quvur haqidagi xabar «noaniq va mutlaqo spekulyativ xususiyatga ega» ekanini aytdi.






