Yevropa Ittifoqi chiplarni loyihalash startaplariga 525 mln yevro yoʻnaltiradi
Yevrokomissiya European Chip Design Platform platformasini ishga tushirdi. Bu yarimoʻtkazgichlar ishlab chiqadigan yosh kompaniyalarni qoʻllab-quvvatlash dasturidir.

Platforma budjeti 525 mln yevroni tashkil etadi. Startaplar loyihalash vositalari, intellektual mulk va ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish imkoniga ega boʻladi, shuningdek, 16 mln yevrogacha grantlar oladi.
Mikrosxemalarni loyihalash sohaning eng innovatsion yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi, biroq ushbu segmentning jahon daromadidagi Yevropa kompaniyalari ulushi hozircha 1 foizga ham yetmaydi. Bryusselda buni butun strategiya uchun muammo deb hisoblashmoqda: Yevropadagi yangi zavodlar faqat mahalliy ishlab chiquvchilar ularga buyurtma bersagina oʻzini oqlaydi.
Yevrokomissiyaning texnologik suverenitet boʻyicha vitse-prezidenti Henna Virkkunen platforma kompaniyalarga gʻoyalarini amaliy chiplar koʻrinishida roʻyobga chiqarishga yordam berishini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, bu Yevropa vaʼdalar bilan cheklanib qolmay, oʻz maqsadlariga mablagʻ kiritishga tayyorligini koʻrsatadi.
Platforma Chipslar toʻgʻrisidagi qonun doirasida tashkil etilmoqda. Unga koʻra, Yevropa Ittifoqining jahon yarimoʻtkazgichlar ishlab chiqarishidagi ulushi 2020 yildagi taxminan 9 foizdan 2030 yilgacha 20 foizgacha oshishi kerak. Biroq Yevropa Auditorlar palatasi 2025 yilgi hisobotida bu maqsadga erishilmasligi ehtimoli katta degan xulosaga keldi. Hozircha tashqi buyurtmachilar uchun ishlab chiqariladigan chiplarning qariyb 70 foizini Tayvanning TSMC kompaniyasi ishlab chiqaradi, ilgʻor mikrosxemalarning deyarli barchasi esa Tayvan va Janubiy Koreyada ishlab chiqariladi.






