Neft arzonlashmoqda, sunʼiy intellekt xavotirda: AQSh mehnat bozori boʻyicha juma kungi hisobot nimani hal qiladi
Uoll-strit bir necha haftadan beri nimadan qoʻrqish kerakligini aniqlay olmayapti: sunʼiy intellekt bozori pufagidanmi yoki inflyatsiyadanmi. Bunga oktabr oyidagi bandlik statistikasi javob berishi mumkin.

AQSh fond bozori ikki qarama-qarshi tendensiya oʻrtasida qoldi. Sunʼiy intellekt kompaniyalari aksiyalariga ulkan kapital xarajatlari va yuqori baholardan xavotirlar bosim qilmoqda. Arzonlashayotgan neft esa, aksincha, inflyatsiya kutilmalarini pasaytirib, yaqindagi ommaviy sotuvlar shunchaki korreksiya boʻlgan degan umidni bermoqda.
Chorshanba kuni, oraliq saylovlarda demokratlar gʻalaba qozonganidan soʻng, Brent nefti bir necha oy ichida ilk bor bir barreli uchun 100 dollardan pastga tushdi. AQShning barcha asosiy indekslari sezilarli darajada koʻtarildi.
Bozor uchun asosiy voqea oktabr oyidagi bandlik boʻyicha juma kungi hisobot boʻladi. Iqtisodchilar ish oʻrinlari soni taxminan 65 ming taga oshishini kutmoqda. Investorlar uchun eng maqbul ssenariy — ishga yollashning moʻtadil surʼati, ishsizlikning barqaror qolishi va ish haqlarining vazmin oʻsishi. Bu inflyatsiyaning sekinlashayotganini tasdiqlaydi, obligatsiyalar daromadliligini pasaytiradi va texnologiya kompaniyalari aksiyalarini qoʻllab-quvvatlaydi.
Haddan tashqari zaif maʼlumotlar iqtisodiyot tanazzulga yuz tutishidan qoʻrquvni kuchaytiradi. Aksincha, haddan tashqari kuchli koʻrsatkichlar inflyatsiya haqidagi xavotirlarni qayta jonlantirib, sunʼiy intellekt kompaniyalariga, ayniqsa, faol qarz olayotganlariga, bosim qiladi.






