Oʻzbekiston va Ozarbayjon markaziy banklari fintech sohasida tajriba almashdi
Oʻzbekiston Markaziy banki delegatsiyasi Ozarbayjonga ishchi tashrifi davomida ushbu mamlakat Markaziy banki hamkasblari bilan uchrashdi. Tomonlar moliyaviy texnologiyalar va innovatsiyalarni muhokama qildilar.

Tashrifning birinchi kunida Oʻzbekiston delegatsiyasini Ozarbayjon Markaziy banki raisi oʻrinbosari Vüsal Xalilov qabul qildi. Uchrashuvda regulyatorlar uchun tajriba almashish nega muhimligi, moliya sektorida innovatsiyalarni qanday qoʻllab-quvvatlash va ikki markaziy bank hamkorligini qaysi yoʻnalishlarda rivojlantirish mumkinligi muhokama qilindi.
Ozarbayjon tomoni 2024–2026-yillarga moʻljallangan Moliya sektorini rivojlantirish strategiyasi doirasida fintech, innovatsiyalar va toʻlov tizimlari sohalarida amalga oshirilayotgan loyihalari haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, tartibga solish yondashuvlari va erishilgan natijalar haqida soʻz bordi. Oʻzbekiston Markaziy banki vakillari esa Oʻzbekiston oʻz fintech sohasidagi strategiyasini qanday ishlab chiqayotgani, shuningdek, uning ustuvor yoʻnalishlari va asosiy yoʻnalishlari haqida soʻzlab berdi.






