Venesuela oʻn yil ichida ilk bor neft uskunalarini AQShda taʼmirlatadi
Qariyb 46 mln dollar qiymatidagi ishlar uch oydan olti oygacha davom etadi.

Taʼmirlash uchun toʻrtta gaz generatori va oltita kompressor Siemens Energy kompaniyasining Hyustondagi texnik markazlariga yuborildi. Uskunalarni texnik xizmatdan soʻng Marakaybo koʻli hududiga oʻrnatish rejalashtirilmoqda.
Uskunalarni olib chiqishga berilgan ruxsatnomalarni oktabr oxirida davlatga qarashli Petroleos de Venezuela SA (PDVSA) neft kompaniyasi rahbari Ektor Obregon imzolagan. Uskunalar chorshanba kuni ertalab Hyustonga yuborildi.
Avvalroq Venesuela sanksiyalar va mablagʻ yetishmasligi sababli uskunalarni chet elda taʼmirlay olmasdi. Suhbatdoshning maʼlumotiga koʻra, kelishuvda North American Blue Energy Partners vositachi boʻlgan. Kompaniyaga venesuelalik tadbirkor Alejandro Betankur rahbarlik qiladi. Nashrlarda unga Vashington va Karakas oʻrtasida Venesuelaning neft konlaridan foydalanish boʻyicha kelishuvni tayyorlashda muhim rol berilgan edi.






