Temiryoʻl liniyasi Toshkentni Parkent bilan bogʻladi
Yangi elektrlashtirilgan liniyada Toshkentdan Parkentgacha yoʻl 1 soat 13 daqiqa davom etadi, chipta narxi 10 ming soʻm.

Baytqoʻrgʻon — Parkent yoʻnalishidagi 24 kilometrlik liniya qurilishiga 535,4 mlrd soʻm sarflandi. Uchastkada stansiya, uchta koʻprik, yoʻl oʻtkazgich va 77 ta suv oʻtkazuvchi inshoot qurildi, 16 ta temiryoʻl kesishmasi jihozlandi. Elektr poyezdlari harakati 2026 yil sentyabrida yoʻlga qoʻyildi.
Toshkent — Parkent yoʻnalishining umumiy uzunligi 57,6 km. Unda qiymati 124 mlrd soʻm boʻlgan olti vagonli «EP3D» poyezdi qatnaydi. U 586 yoʻlovchini sigʻdiradi va soatiga 120 km gacha tezlikda harakatlanadi. Yoʻnalish kuniga 2 ming nafargacha, yiliga esa 300 ming nafargacha yoʻlovchi tashishga moʻljallangan. Prezident matbuot xizmati maʼlumotiga koʻra, chipta narxi taksida oʻrtacha safar narxidan 2,5 baravar arzon.
20 noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev ushbu elektr poyezdida Parkent tumaniga bordi. Vagonlarda iqlim nazorati, USB portlari, bepul Wi-Fi, elektron tablolar, videokuzatuv va velosipedlar uchun mahkamlagichlar mavjud. Nogironligi boʻlgan yoʻlovchilar uchun koʻtarish moslamalari va maxsus joylar ajratilgan.
Parkent stansiyasida Mirziyoyev temiryoʻl infratuzilmasini rivojlantirishni davom ettirish, xizmat koʻrsatish sifatini oshirish va yoʻlovchilar uchun qulayliklarni kengaytirishni topshirdi. Shuningdek, tashishlar samaradorligini oshirish hamda liniya boʻylab hududlarni obodonlashtirish vazifalari belgilandi.






