Qoʻmita quruvchilarning 132 shartnomasida bahsli shartlarni aniqladi
Raqobat qoʻmitasi quruvchilar shartnomalarida toʻlovning 4–15 foizini ushlab qolish va pulni kvartira qayta sotilgach qaytarish shartlarini aniqladi.

2026 yilning toʻqqiz oyida Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasiga qurilish sifati va obyektlarni topshirishdagi kechikishlar yuzasidan 1,7 mingdan ortiq shikoyat kelib tushdi. Ular koʻrib chiqilgach, isteʼmolchilar foydasiga qariyb 14,5 mlrd soʻm mablagʻni qayta hisoblash taʼminlandi.
Idora uy-joy qurilishi sohasida faoliyat yurituvchi qurilish tashkilotlarining 132 ta shartnomasini oʻrgandi. Hujjatlarning 77,3 foizida shartnoma bekor qilinganda pulni qaytarish muddati koʻrsatilmagan yoki dastlabki toʻlov muddati bilan mos kelmagan. Shartnomalarda kvartira qabul qilib olingandan keyingi kafolat muddati va shu davrda aniqlangan kamchiliklarni quruvchi bartaraf etishi sharti ham har doim qayd etilmagan.
Bundan tashqari, ayrim hujjatlarda qurilishni yakunlash kechikkani uchun penya yoki obyektni xaridorga topshirishning aniq muddati belgilanmagan. Qoʻmita quruvchi manfaatini koʻzlab tuzilgan qoidalar, davlat tili oʻrniga rus tilida tuzilgan shartnomalar va isteʼmolchilar huquqlarini cheklovchi boshqa shartlarni ham aniqladi.
Ayrim hollarda shartnoma xaridor tashabbusi bilan bekor qilinganda, toʻlangan summaning 4–15 foizini ushlab qolish nazarda tutilgan. Boshqa bahsli qoidalar esa pulni faqat kvartira qayta sotilgach qaytarish, uning narxini bir tomonlama oshirish yoki xaridor uchun yuqori miqdorda jarima belgilash imkonini bergan.
Tahlil yakunlariga koʻra, qoʻmita vakolatli organlarga takliflar yubordi. Xaridorlarga shartnomani imzolashdan oldin oʻrganish va zarur boʻlsa, yurist bilan maslahatlashish tavsiya etildi. Qonunchilikka zid yoki isteʼmolchi huquqlarini cheklovchi shartlar aniqlansa, vakolatli organlarga yoki sudga murojaat qilish mumkin.






