Airbnb sayohatlar uchun sunʼiy intellekt agentini ishlab chiqmoqda
Airbnb sayohatlarni rejalashtirish va bron qilishda yordam beradigan sunʼiy intellekt agentini 2027 yilning birinchi yarmida ishga tushirmoqchi.

Kompaniya «sunʼiy intellekt uchun maxsus yaratilgan» sayohatlarni rejalashtirish servis ishlab chiqilayotganini maʼlum qildi. Airbnb oddiy chatbotni mos format deb hisoblamaydi: agent foydalanuvchi soʻroviga koʻra yuzlab element — xaritalar, fotosuratlar, taqqoslashlar, kalendarlar va yoʻnalishlardan iborat interfeysni real vaqt rejimida shakllantiradi.
Airbnb rejasiga koʻra, servis mehmonlarga variantlarni oʻrganish, hamrohlari bilan birga qaror qabul qilish va amallarni bevosita platformaning oʻzida bajarishga yordam beradi. Kompaniya uy-joy tanlash hamda mezbonlar va mehmonlar oʻrtasidagi muloqotni yoʻlga qoʻyishdagi tajribasi bunday vositani yaratishda unga ustunlik berishiga ishonmoqda.
Avvalroq Airbnb kompaniyasining hammuassisi va bosh direktori Brayan Cheski agent 2027 yilda paydo boʻlishi va oddiy chatbotnikidan boyroq interfeysga ega boʻlishini aytgandi. Kompaniya aksiyadorlarga yoʻllagan maktubida ham sunʼiy intellekt mahsulotlarni ishlab chiqish va Airbnb faoliyatidagi oʻzgarishlarning muhim omili ekanini taʼkidladi.






