Snapchatʼning pullik obunachilari soni 30 milliondan oshdi
Bu koʻrsatkich Snapchat+, Memories Storage va Lens+ obunalarini oʻz ichiga oladi

Snapchat+’ning bazaviy tarifi eksklyuziv va sinovdan oʻtkazilayotgan funksiyalardan foydalanish imkonini beradi. Lens+ qoʻshimcha linzalar va kengaytirilgan reallik imkoniyatlarini taklif qiladi, Snapchat+ Platinum esa xizmatdan reklamasiz foydalanish imkonini beradi.
Bir yil avval Snap Memories xotiralarini bepul saqlash imkoniyatini cheklashini eʼlon qilgan edi. Foydalanuvchilarga qoʻshimcha joy uchun haq toʻlash yoki xotiralarini saqlab qolish uchun Snapchat+’ga ulanish taklif qilindi.
Snap bosh direktori Evan Spiegel investorlarga sunʼiy intellekt asosidagi funksiyalar Lens+ kompaniya kutganidan ham yuqori natija koʻrsatishiga yordam berganini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, pullik obunalar hozircha oylik auditoriyaning kichik qismini qamrab oladi. Shu sababli Snap xizmatlarni yanada kengroq tarqatish va yangi premium funksiyalarni joriy etish orqali oʻsish imkoniyatlarini koʻrmoqda.
Hisobot natijalari fonida Snap aksiyalari 12 foizga pasaydi: kompaniya reklama daromadi va auditoriya oʻsishi boʻyicha kutilgan natijalarga erisha olmadi. Chorak davomida kunlik faol foydalanuvchilar soni 495 mlnni tashkil etdi, bundan avvalgi chorakda esa bu koʻrsatkich 493 mln edi. Natija tahlilchilarning 499 mln haqidagi prognozidan past boʻldi.
Spiegel reklama daromadining oʻsishi kompaniya maqsadidan pastligicha qolayotganini qoʻshimcha qildi. Snap mijozlar uchun reklama samaradorligini oshirishni hamda biznes foydalanuvchilar bilan oʻzaro aloqaga kirishishi mumkin boʻlgan usullarni kengaytirishni rejalashtirmoqda.






