AQShda yashovchi kishi lotereyada qariyb 850 mln dollar jackpot yutdi
Nyu-Jersi shtatidan boʻlgan oʻyinchi Powerball lotereyasidagi oltita raqamni toʻgʻri topib, 847 mln dollarni boʻlib-boʻlib olish yoki 363,1 mln dollarni darhol olish variantlaridan birini tanlash huquqiga ega boʻldi.

Powerball lotereyasi gʻolibi oltita raqamning barchasini toʻgʻri topib, 847 mln dollarlik jackpotni qoʻlga kiritdi. Yutuqli chiptani AQShning Nyu-Jersi shtatida yashovchi kishi sotib olgan.
Chipta egasi jackpotni koʻp yillar davomida boʻlib-boʻlib olishi yoki 363,1 mln dollarlik bir martalik naqd toʻlovni tanlashi mumkin.
Yutuqdan 24 foiz federal soliq ushlab qolinadi. Gʻolib yana 8 foizni Nyu-Jersi budjetiga yoʻnaltirishi kerak boʻladi: bu stavka 500 ming dollardan oshadigan yutuqlarga nisbatan qoʻllanadi.
Chipta egasining ismi hozircha oshkor qilinmadi. Shtat qonunchiligi gʻolibga anonimligini saqlab qolish imkonini beradi.
Jackpot Powerball tarixidagi eng yirik toʻqqizinchi jackpot boʻldi. Ungacha ikki oy davomida hech kim uni yuta olmadi. Oxirgi yirik sovrinni 12 avgust kuni Illinoys shtatidan boʻlgan oʻyinchi qoʻlga kiritgan — oʻshanda summa 1,04 mlrd dollarga yetgan, gʻolib esa 450,5 mln dollarlik bir martalik toʻlovni tanlagan.






