Xitoy kompaniyasi tuxumdagi joʻjalarning jinsini 98 foizdan yuqori aniqlikda aniqlaydi
Oʻzbekiston chorvadorlari delegatsiyasi Savdo-sanoat palatasi raisining oʻrinbosari Sherzod Ibragimov boshchiligida Inchuandagi ushbu ishlanma bilan tanishdi.

Tizim sunʼiy intellekt va giperspektral tasvirga olish texnologiyasiga asoslangan boʻlib, inkubatsiyaning 13-kunida natija beradi. Tuxumlar avtomatik tarzda tekshiriladi va saralanadi, bu parrandachilik fabrikalarining xarajatlarini kamaytirib, resurslarni tejaydi.
Kompaniya 2011-yildan buyon faoliyat yuritadi, 2021-yildan esa Shenzhen fond birjasining ChiNext platformasida aksiyalari bilan savdo qilinadi. U nasldor parrandalar, seleksiya, inkubatsiya va bir kunlik joʻjalarni sotish bilan shugʻullanadi. 2025-yilda 278,4 mln dona mahsulot sotgan va Xitoyning tijoriy joʻjalari bozorining qariyb 25 foizini egallagan.
Tomonlar Xitoy inkubatsiya texnologiyalarini Oʻzbekistonda joriy etish, nasldor parrandachilikni rivojlantirish hamda ehtimoliy investitsiyalarni muhokama qildi.






