Toshkentda 25–27 noyabr kunlari 31-TITF 2026 yarmarkasi boʻlib oʻtadi
25–27 noyabr kunlari CAEx Uzbekistan koʻrgazma markazida 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi — «Ipak yoʻlidagi turizm – TITF 2026» boʻlib oʻtadi.

Oʻndan ortiq davlat oʻz ekspozitsiyalarini taqdim etadi. Ular orasida Yevropadan Germaniya, Niderlandiya va Chexiya, Osiyodan Hindiston, Vetnam, Tailand, Malayziya va Maldiv orollari, shuningdek, Turkiya, Ozarbayjon va Belarus bor. Koʻrgazmani respublikaning tegishli qoʻmitasi, uning Milliy PR-markazi va Iteca Exhibitions kompaniyasi tashkil etadi. Tadbir hamkori — BMTning turizm agentligi UN Tourism.
Asosiy voqea investitsiya forumi boʻladi. Mehmonxona sohasi vakillari, developerlar va moliyachilar turizm sohasining qaysi yoʻnalishlariga sarmoya kiritish hamda qoʻshma loyihalarni qanday yoʻlga qoʻyish masalalarini muhokama qiladi.
Turoperatorlar, tashuvchilar, mehmonxonalar va kurortlar yangi yoʻnalishlar hamda mavsumiy takliflarini taqdim etadi. Alohida ekspozitsiyalar sogʻlomlashtirish turizmi, ekoturizm, gastronomik sayohatlar va sayohatchilar uchun raqamli xizmatlarga bagʻishlanadi. Bundan tashqari, mehmonlarni mamlakatlar va hududlar stendlari, biznes muzokaralari, ekspertlar muhokamalari, hunarmandchilik yarmarkasi hamda mahalliy taomlar kutadi.
Koʻrgazma soha mutaxassislariga xorijiy hamkorlarni vositachilarsiz topishga yordam beradi. Oddiy tashrif buyuruvchilar esa bir-ikki tashrifdayoq keyingi taʼtili uchun yoʻnalish tanlash va turli kompaniyalar narxlarini solishtirish imkoniga ega boʻladi.
Xalqaro matbuot ham tadbirga eʼtibor qaratdi. Britaniyaning London Post portali TITFni Markaziy Osiyodagi turizm sohasi uchun muhim maydonlardan biri deb atadi va sarlavhasiga «Barcha yoʻllar Toshkentga olib boradi» iborasini chiqardi.






