Yevrosiyo taraqqiyot banki va Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi davlat xizmatchilariga investitsiya loyihalarini oʻrgatadi
Yevrosiyo taraqqiyot banki hamda Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi davlat xizmatchilariga investitsiya loyihalari bilan ishlashni birgalikda oʻrgatadi.

Tegishli kelishuvni Yevrosiyo taraqqiyot banki boshqaruvi raisi Nikolay Podguzov va Akademiya rektori Jasur Salixov bank delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida imzoladi.
Davlat xizmatchilari va magistratura talabalari uchun qisqa muddatli taʼlim dasturlari tashkil etiladi. Tinglovchilar loyiha ustida ishlashning asosiy bosqichlarini — uni ishlab chiqish va moliyaviy-iqtisodiy koʻrsatkichlarini baholashdan tortib, moliyalashtirish modeli hamda mablagʻ jalb qilish manbalarini tanlashgacha — oʻrganadi. Mashgʻulotlar amaliy misollar asosida olib boriladi.
Yevrosiyo taraqqiyot banki, shuningdek, Akademiya va mintaqadagi davlat boshqaruvining boshqa muassasalari oʻqituvchilarini tayyorlashga koʻmaklashadi. Taʼlimdan soʻng ular tegishli kurslarni mustaqil olib borishi va real loyiha misollarini oʻquv dasturlariga kiritishi mumkin boʻladi. Mashgʻulotlarda qatnashish va tajriba almashish imkoniga Oʻzbekiston hamda bank aʼzosi boʻlgan boshqa mamlakatlar vakillari ega boʻladi.






