Oʻzbekistonda narxlar haqidagi ochiq maʼlumotlarga ega NarxStat ishga tushirildi
NarxStat platformasida isteʼmol, uy-joy va sanoat narxlari haqidagi maʼlumotlar hududlar va tumanlar kesimida jamlangan. Maʼlumotlardan bepul foydalanish mumkin.

Milliy statistika qoʻmitasi platformani 13 noyabr kuni oʻtkazilgan matbuot anjumanida taqdim etdi. Sayt narx.stat.uz manzilida ishlaydi, maʼlumotlarni CSV va JSON formatlarida yuklab olish yoki roʻyxatdan oʻtmasdan API orqali olish mumkin.
Platformada isteʼmol narxlari indeksi, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari va yoqilgʻining haftalik oʻrtacha narxlari, shuningdek, uy-joy bozori hamda sanoat ishlab chiqaruvchilari narxlari koʻrsatkichlari mavjud. Foydalanuvchilar inflyatsiya va isteʼmol xarajatlari kalkulyatorlaridan foydalanishlari mumkin.
Servisda hududlar boʻyicha oʻrtacha narxlar va ularning haftalik oʻzgarishlari aks etgan xarita, tovarlar qiymati dinamikasi grafiklari, eng koʻp qimmatlashgan va arzonlashgan mahsulotlar roʻyxati mavjud. Shuningdek, soʻnggi yarim yil ichida maksimal va minimal narxlarga ega boʻlgan tovarlar haqidagi maʼlumotlar, hududlardagi narxlarni taqqoslash imkoniyati, maʼlumotlarni yangilash taqvimi va hisob-kitob formulalari tavsifi ham taqdim etilgan.
Platforma maʼlumotlariga koʻra, oktabr oyida isteʼmol narxlari sentabrga nisbatan 0,6 foizga, yil davomida esa 6,5 foizga oshdi. Uy-joy narxlari uchinchi chorakda avvalgi chorakka nisbatan 1,4 foizga, yillik hisobda esa 4,8 foizga oshdi.






