Tesla Cybertruck ishlab chiqarishini qisqartirmoqda
Musk 2027 yilning taxminan oʻrtalarida robotaksi Cybercab ishlab chiqarish uchun elektromobil ishlab chiqarishni toʻxtatishni rejalashtirmoqda

Tesla 2025 yilda 20 000 ta Cybertruck sotdi, eʼlon chop etilgan paytda esa 2026 yil davomida qariyb 16 000 ta avtomobil yetkazib berdi. Musk kompaniya 2027 yilning taxminan oʻrtalarida Texasdagi Gigafactory zavodida elektr pikap ishlab chiqarishni qisqartirishni boshlashini, bu esa Cybercab uchun ishlab chiqarish quvvatlarini boʻshatishga imkon berishini maʼlum qildi.
Cybertruck bir necha yil davom etgan kechikishlardan soʻng 2023 yilda bozorga chiqdi. Model taqdim etilishidan oldin Tesla 1 mln dan ortiq dastlabki buyurtma olgan, Musk esa yiliga kamida 250 000 ta avtomobil sotilishini prognoz qilgan edi. Biroq noodatiy trapetsiyasimon dizayn va kutilganidan yuqori boʻlgan narx xaridorlarni jalb qilishni qiyinlashtirdi.
Kuzovning zanglamaydigan poʻlatdan ishlangan qoplamasi ham modelni Musk va Teslaʼga qarshi noroziliklar uchun koʻzga koʻringan nishonga aylantirdi. 2024 yil mart oyida egalari mamlakat miqyosida Muskning DOGE orqali davlat xarajatlarini qisqartirayotgani tanqid qilinayotgan bir paytda vandalizm va haqorat holatlari haqida soʻzlab berishdi.
Shu bilan birga, pikapning sodiq muxlislari ham paydo boʻldi. Ayrim egalari Cybertruckʼni koʻchma pitssa pechlariga aylantirdi, boshqalari esa Yevropa bozorining avtomobillarga qoʻyiladigan qatʼiy talablari mavjud boʻlgan sharoitda modelni ushbu bozorga kiritishga erishish uchun norasmiy kampaniyalar oʻtkazdi.
Cybertruck loyihasining yetakchi muhandisi Ues Morrill Xʼdagi alohida postida modelning toʻrt yillik ishlab chiqarish sikli yakunlanganini tasdiqladi. U pikapni ishlab chiqish uchun texnologik platforma deb atadi va unda qoʻllangan yechimlardan Cybercabʼda ham foydalanilishini taʼkidladi.
Soʻnggi yillarda Cybertruckʼning eng yirik xaridori Muskning boshqa kompaniyasi — SpaceX boʻldi. 2025 yilda u yordamchi avtomobillar sifatida foydalanish uchun $131 mln qiymatidagi pikaplarni sotib oldi. Ishlab chiqarish toʻxtatilishi haqidagi xabarga Musk Cybertruck parki uzoq vaqt saqlanib qolishini aytib javob berdi.
Pikap kompaniyaning robotaksi va odamga oʻxshash robotlarga oʻtishi fonida ishlab chiqarilishi toʻxtatilishiga duch kelgan Teslaʼning soʻnggi anʼanaviy modeli boʻldi. 2026 yilning avvalida Tesla zavodlarda Optimus roboti uchun joy boʻshatish maqsadida premium Model S va Model X modellarini ishlab chiqarishdan olib tashladi.
Teslaʼning robotaksi xizmati bosqichma-bosqich kengaymoqda va hozir Texas hamda Floridaning bir nechta shahrida ishlamoqda. 2026 yil oktabrida Musk investorlarga Optimus ishlab chiqarilishi boshlanganini maʼlum qildi; uning kutishicha, robotlarni mijozlarga yetkazib berish 2027 yil oxirigacha boshlanishi kerak.
Tesla direktorlar kengashi SpaceX bilan ehtimoliy birlashish masalasini ham koʻrib chiqmoqda. Natijada har biri qiymati 1 trln dollardan ortiq boʻlgan Muskning ikki ochiq kompaniyasi robotaksidan tortib raketalargacha boʻlgan yoʻnalishlarni birlashtiruvchi yagona konglomerat tarkibiga kirishi mumkin.
Bu voqealar fonida Tesla aksiyalari avvalgi kunlardagi pasayishdan soʻng premarket savdolarida biroz koʻtarildi. Investorlar oraliq saylovlarda Texasda demokratlarning gʻalaba qozonishi Musk biznes imperiyasiga taʼsir koʻrsatishidan xavotirda edi; sunʼiy intellekt bilan bogʻliq kompaniyalar qimmatli qogʻozlarining ommaviy sotilishi ham qoʻshimcha omil boʻldi.
Bloomberg milliarderlari indeksiga koʻra, payshanba kuni Tesla va SpaceX aksiyalarining tushishi Musk boyligini qariyb $80 mlrd ga kamaytirdi. Shundan soʻng uning boyligi $785 mlrd deb baholandi.






