Fitch Namangan viloyatiga BB- kredit reytingini berdi
Fitch Namangan viloyatiga xorijiy va milliy valyutadagi uzoq muddatli BB- reytingini barqaror prognoz bilan berdi. Qisqa muddatli reyting B etib belgilandi.

Namangan viloyatining bevosita qarzi 2025 yil oxirida 13 mlrd soʻmni tashkil etdi. Yana 445 mlrd soʻmni viloyat markaziy hukumatning xalqaro moliya tashkilotlaridan olgan qarzlari boʻyicha qaytarishi kerak; Fitch yaqin yillarda bu summa ikki baravar oshishini kutmoqda.
2025 yilda transfertlar viloyatning operatsion daromadlarining 48 foizini, soliqlar esa 47 foizini taʼminladi. 2021–2025 yillarda xarajatlarning 90 foizdan ortigʻi majburiy moddalarga toʻgʻri keldi, kapital xarajatlar esa jami xarajatlarning oʻrtacha 8 foizini tashkil etdi. Agentlik viloyatning mustaqil kredit profilini bb- darajasida baholadi.
Fitch bazaviy ssenariyda yangi qarz olishga qoʻyilgan cheklovlar saqlanib qolishini taxmin qilmoqda. 2026–2030 yillarda qarzni qaytarish koeffitsiyenti 7,9x dan oshmasligi, budjetning qarz yuklamasi esa 50 foizdan past boʻlishi prognoz qilinmoqda. Koeffitsiyent 9x dan oshsa, reyting pasaytirilishi mumkin; u barqaror ravishda taxminan 7x gacha tushsa, reyting oshirilishi mumkin.






