IT Park xorijiy investorlar uchun kompaniyalarni onlayn roʻyxatdan oʻtkazishni yoʻlga qoʻydi
IT Park Uzbekistan xorijiy tadbirkorlar uchun One Stop Shopni ishga tushirdi: u kompaniyani roʻyxatdan oʻtkazish va korporativ hisob ochishni birlashtiradi, barcha jarayonlar uch kungacha davom etadi.

Kompaniyani roʻyxatdan oʻtkazish uchun arizalar OSS sayti orqali masofadan yoki shaxsan qabul qilinadi. Xizmat yuridik shaxsni rasmiylashtirish, PINFL va elektron raqamli imzo olish, shuningdek, bankda korporativ hisobvaraq ochishni oʻz ichiga oladi.
Masofadan ariza topshirishda ishonchnoma IT Park shakli boʻyicha rasmiylashtirilib, apostil bilan tasdiqlanishi kerak. Shu ishonchnoma asosida texnopark xodimlari kompaniyani roʻyxatdan oʻtkazadi va zarur hujjatlarni rasmiylashtiradi, biroq bank hisobvaragʻini ochish uchun rahbar Oʻzbekistonga kelishi kerak. Shaxsan murojaat qilganda esa tadbirkor Toshkentda mahalliy SIM-kartani oldindan sotib olishi va PINFL rasmiylashtirishi lozim.
Ariza uchun rahbar va taʼsischining hujjatlari, roʻyxatdan oʻtkazish manzillari haqidagi maʼlumotlar, ishonchnoma hamda kompaniya nomining variantlari kerak boʻladi. IT Park ustav kapitalini kamida 2000 dollar miqdorida belgilashni tavsiya qiladi.
One Stop Shop xizmati narxi 11 mln soʻmni tashkil etadi ($930). Davlat bojlari alohida toʻlanadi — taxminan $130.






