Energetika vazirligi: L-503 liniyasini tiklash ishlari kecha-kunduz davom etmoqda
19 noyabrda uzilgan 500 kV kuchlanishdagi L-503 liniyasida avariya-taʼmirlash ishlari kecha-kunduz olib borilmoqda. Fargʻona vodiysining ayrim hududlarida elektr taʼminotidagi cheklovlar saqlanib qolmoqda.

L-503 liniyasi Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasidan Fargʻona vodiysi hududlariga elektr uzatadi. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, avariya Tojikistondagi relyefi murakkab uchastkada tayanch qulab tushgani sabab yuz bergan.
Shikastlanishdan soʻng avtomatik himoya ishga tushib, energiya uzatish toʻxtagan. Bu isteʼmolchilarning bir qismida uzilishlarga olib kelgan. Taʼmirlash brigadalari kuchli shamol va past haroratga qaramay, tunda ham ishlamoqda.
Fargʻona viloyati uchun qoʻshimcha manba boʻlib, Novo-Angren issiqlik elektr stansiyasidan energiya uzatuvchi 500 kV kuchlanishdagi L-524 liniyasi qolmoqda. Energetika vazirligi tiklash jarayoni haqida maʼlumot kelib tushishi bilan xabar berishga vaʼda qildi.






