Tojikiston Oʻzbekiston uchun moʻljallangan suvni olmayapti. Vazir Rogʻun GES haqida
Suv xoʻjaligi vaziri Shavkat Hamroyev Oʻzbekiston Amudaryodan belgilangan hajmdagi suvni olayotganini aytdi. Rogʻun suv omborida suv bosqichma-bosqich toʻplanmoqda.

Hozir Rogʻun GESi suv omborida qariyb 1–1,5 mlrd kub metr suvni bosqichma-bosqich toʻplash koʻzda tutilgan. Stansiya qisman ishlamoqda va mavjud imkoniyatlar doirasida elektr energiyasi ishlab chiqarmoqda, dedi Hamroyev.
Uning soʻzlariga koʻra, GES qurilishi yana kamida toʻrt-besh yil davom etadi, suv omborini toʻldirish esa taxminan 2035 yilgacha choʻzilishi mumkin. Gidrotexnika inshooti xavfsizligi talablari sababli 13,3 mlrd kub metr boʻlgan toʻliq hajmni tez toʻplash imkonsiz.
Toʻgʻonning loyiha boʻyicha balandligi 335 metr, hozir u 200 metrdan oshgan. Stansiyada rejalashtirilgan oltita gidroagregatdan ikkitasi ishlamoqda; qurilish tugagach, uning quvvati 3780 MVt boʻlishi kerak.
Oʻzbekiston uchun nafaqat toʻplangan suv hajmi, balki uning yil davomida chiqarilish jadvali ham muhim. Rogʻun GESidan quyi oqimda Amudaryoning asosiy irmoqlaridan biri boʻlgan Vaxsh oqimini tartibga soluvchi Nurek suv ombori joylashgan. Loyiha saytida toʻgʻonni 2032 yilgacha qurib bitirish, suv omborini esa 2038 yilgacha toʻliq toʻldirish rejalashtirilgani aytilgan. Bu muddatlarning vazir bahosidan nega farq qilishi aniqlashtirilmagan.






